00:50 / 14.06.2016
4214

Fijining doimiy vakili BMT Bosh assambleyasi 71-sessiyasi raisi bo‘ldi

BMT Bosh assambleyasi 71-sessiyasi raisi Fijining BMTdagi doimiy vakili Piter Tomson bo‘ldi. Bosh assambleya rahbari nomzodini saylash bo‘yicha yopiq ovoz berish BMT bosh qarorgohida o‘tdi. 

Tomson bilan birga bu lavozim uchun Kipr vakili Andreas Mavroyannis da'vogarlik qildi. Tomson BMT Bosh assambleyasi a'zolarining 94 ta ovozini, Mavroyannis esa 90 ta ovozini yig‘di.

Fijining 2010 yildan beri BMTdagi doimiy vakili bo‘lgan Tomson unga ovoz berganlarga minnatdorchilik bildirdi va buni "Tinch okeanidagi davlat uchun "buyuk lahza" deb atadi.

Uning aytishicha, u o‘zining raisligi vaqtida iqlimning o‘zgarishi va Bosh assambleyaning avvalgi sessiyasida qabul qilingan barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish masalalariga alohida e'tibor qaratadi. "Biz sessiya yakunigacha 17 ta maqsad bo‘yicha taraqqiyotga erishishimiz lozim", deb aytdi Tomson. 

BMT Bosh assambleyasining 71-sessiyasi sentabrda boshlanadi.

Top