15:32 / 14.06.2016
13284

OAV IShID rahbari al-Bag‘dodiyning o‘limi haqida xabar tarqatdi

IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy AQSh boshchiligidagi koalitsiya samolyotlari hujumi natijasida halok bo‘lgan. Bu haqda Mirror xabar tarqatdi.

Nashrning jangarilar orasidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha Abu Bakr al-Bag‘dodiy Ramazon oyining beshinchi kunida Raqqa shahrida amalga oshirilgan hujum oqibatida halok bo‘lgan.

Yana bir manbada esa u Mo‘sulda halok bo‘lgani aytilgan.

10 iyun kuni ham IShID rahnamosi va boshqa bir qator qo‘mondonlar Iroq hamda Suriya chegarasidagi qo‘mondonlik punktiga berilgan aviazarba natijasida yaralangani haqida xabar qilingandi. Bu ma'lumot tasdiqlanmadi.

Al-Bag‘dodiyning jarohat olgani haqidagi xabarlar deyarli har yili paydo bo‘ladi. Jumladan, 2014 yil noyabrida AQSh HHK IShID qo‘mondonlari yig‘iniga zarba bergani bildirildi va bir necha kun ularning rahbari taqdiri noma'lum bo‘lib turdi. 2015 yil mayida al-Bag‘dodiy koalitsiya aviatsiyasi hujumidan so‘ng jarohat olgani, hatto falaj bo‘lib qolgani haqida xabar tarqaldi. Oktyabr oyida esa Reuters’ning Iroq armiyasidagi manbasi IShID yetakchisi mamlakat shimoli-g‘arbidagi konvoyga berilgan aviazarbadan so‘ng yaralangani va kasalxonaga joylashtirilgani to‘g‘risida ma'lum qildi, biroq bu ham o‘z tasdig‘ini topmadi.

Top