15:28 / 15.06.2016
62061

Jamoatni yig‘latgan duo yoxud bir onaning boshidan kechirganlari

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri o‘zi bilan sodir bo‘lgan ibratli voqeani hikoya qiladi.

«Toshkentning Labzak dahasida, kvartirada yashaymiz. «Sharshara» kafesida oshpaz bo‘lib ishlayman. Ayni «sezon» vaqti. O‘g‘illarimning kattasi 13, kichigi 9 yosh. Qizalog‘im esa 5 yoshda… Ertalab ketaman, kech soat 23:30 yoki 00:00 da ishdan qaytaman.

Uch bolamni Allohning panohiga qoldirib, ishga chiqib ketaman. Katta o‘g‘lim ovqat pishirib, singlisiga va ukasiga qarab o‘tiradi. «Tanimaganga eshik ochma, begona bilan gaplashma», deb quloqlariga quyib tashlaganman.

O‘sha kuni dam olish kunim edi. Kichik o‘g‘lim: «Bugun uydamisiz, ayajon? Manti qilib berasizmi?» – deb qoldi. Men: «Ha, bolajonim, qilib beraman», dedim.

Shu payt telefon jiringladi. Olsam, kafening boshlig‘i, «Tez yetib kel, aeroport banketga buyurtma berdi», deydi. Men: «Axir dam olish kunim-ku», desam, «Ertaga dam olasan», deb ko‘nmadi.

Ishga bordim, soat 11:30 gacha yugur-yugur, chop-chop qilib ishni yo‘lga tushirib oldim. Aeroport xodimlari doim men tayyorlaydigan ayrim sayli lag‘mon yeyishar edi. Men katta tovada say qovurayotsam, Guldona ismli qozoq qiz katta qozonda dog‘langan paxta moyini ko‘tarib, bir joyda boshqa yoqqa olayotib oyog‘i sirg‘alib ketsa bo‘ladi-mi… Yelkamga urilib, o‘ng qo‘lim ustiga moy to‘kilganini va nimagadir terimga qo‘shilib tirnoqlarim ham oqib tushayotganini eslayman, xolos…

Ko‘zlarimni ochsam, ToshMIda yotibman, ana azob… Qo‘llarim kuyib ketgan, terisini shilib tashlashgan, pushti rang bo‘lib go‘shti chiqib qolgan. Tomirlarim ko‘karib, qimirlab, uchib-uchib turganini ko‘rardim. Biram achishadi-yey… Og‘rimaydi… Ammo achishishi yomon…

Ertasi kuni o‘rnimdan turaman deb yiqilib tushdim-u, chap qo‘lim tirsakdan sinib turibdi-da. Tasavvur qiling, bir qo‘l gips, bir qo‘l archilib yotibdi… U yoqda bolalarim yolg‘iz qolgan…

Har tugul kafening boshlig‘i insofli edi, o‘sha Guldonani uyimga yuboribdi, «Chiqqunicha qaraysan», deb. Osh-ovqatga pul tashlab, davolanishimga ham anchagina pul berdi.

Men salkam bir oy, ya'ni, 28 kun yotib chiqdim. Uyga kelganimning ertasi kuni Guldona ishga ketdi. Qo‘limga surtadigan maz bor, 2400 so‘m turadi. O‘shandan bir haftada 4 tasi ketadi. U maz ham faqat Maksim Gorkiydagi (Buyuk Ipak Yo‘li metro bekati) harbiy gospitalda bor. Boshqa joyda yo‘q. Oxirgi buyum – tilla zanjirimni singlimga garovga berib, 100 000 so‘m oldim va o‘g‘limni mazga yubordim. Olib keldi. Tirikchilik ham haminqadar, bir yoqda ijara xaqqi berishim kerak, uyning egasi 4 marta keldi…

Ro‘za kunlarining oxiri edi…

O‘g‘illarim ertalab turib chiqib ketishdi-da, bozordan qog‘oz terib, makulaturaga topshirib, uyga kartoshka bilan bo‘lka non, singlisiga pechene olib kelishdi. Men na kartoshka tozalay olaman va na boshqa ish qila olaman. Ikkala qo‘lim ham bog‘langan. O‘g‘lim bir amallab kartoshka qaynatdi, qovurish uchun uyda yog‘ qolmabdi. Oradan 2 kun o‘tib Ramazon Hayiti kelishi kerak. Arafa kuni qo‘shnilardan osh chiqdi… Kimdir moxora, kimdir shirinlik bilan yo‘qlabdi..

O‘gillarim: «Ayajon, ertaga hayit namoziga borsak mayli-mi?!» – deb qolishdi. Men: «Yo‘q, bolam. Kiyimlaring eski, hamma yasanib borsa, sizlar o‘ksiysizlar. Bormanglar», desam ham «Mayli, oyijon. Borini yuvib, kiyib boramiz», deb ikkalasi jyemper, shimlarini yuvib, gazning tepasiga ilib quritishdi.

Ertalab ikki o‘g‘lim piyoda Labzakdan Chorsuga qarab ketishdi. Men derazadan qizim bilan namozdan qaytayotganlarni kuzataman.. Ko‘zlarimga yosh keladi… Ayni pishiqchilik, kuz pallasi emas-mi, patir, uzum, qovun, tarvuz, shirinliklar ko‘tarib odamlar qayoqlargadir shoshiladi…

Eshik ochilib, ikkala o‘g‘lim kirib kelishdi. Ularni quchoqlay desam, qo‘llarim bog‘liq. Meni quchoqlab, o‘pib tabriklashdi. Singlisini ham. «Eshikni yopmang, oyi», – deb mashinadan nimalarnidir tashiy boshlashdi. Sumka to‘la oziq-ovqatlar, shirinliklar, qizchamga qo‘g‘irchoq va bosh oyoq kiyim, bir qutida go‘sht, yog‘… Keyin e'tibor bersam, ikkala o‘g‘lim ham yasanib olishgan… Og‘izlari qulog‘ida…

Dasturxon yozib, patirni ushatishdi. Shirinlik va mevalarni qo‘yishdi. Kichik o‘g‘lim: «Ayajon, tovuqdan tabaka pishirib bering», desa-mi… Akasi: «Ayam qanday pishiradi? Qo‘llari kasal-ku! Men pishirib beraman», dedi… Men aytib turdim, o‘g‘lim duxovkada tovuq dimladi.. Bolalarimning ovqat yeyishini ko‘rib yig‘ladim…

«Qani, endi gapiringlar-chi?» – dedim ularga. Kichik o‘g‘lim gap boshladi (shu o‘g‘lim kichikligida kolyaskadan yiqilib tushgan, «r» bilan «q» xarfini qiynalib talaffuz qilardi o‘shanda): “Namozga bordik, yomg‘ir sevalab yog‘a boshladi. Masjidda joy qolmagan ekan. Bir amaki yoniga chaqirib, o‘tirg‘izdi. Siz o‘rgatganingizday, «Bismillahir Rohmanir Rohiym», deb imomga iqtido qildim. Namoz o‘qidik. Hamma oxirida duo qildi, men ham duo qila boshladim:

«Xudojon! Ayam tuzalib qolsin! Jalol tog‘a uyning pulini so‘ramay tursin! Ayam tuzalib, bizga shirin ovqatlar qilib bersin! Tezroq katta bo‘lib qolaylik! Akam bilan ishlaylik! Bozorda melisa quvlamasin bizni! Singlim pecheniy deb yig‘lamasin» – deb duo qilayotsam, yonimdagi tog‘a yig‘layapti. Uning yonida o‘tirganlar ham yelkalari silkinib yig‘lashyapti. Men ovozimni chiqarib, qo‘llarimni ko‘tarib, duo qilayapman…

Akam bo‘lsa, «Ey» deb, menga «Tur, ketamiz», deydi. Duo qilib bo‘lib akam bilan ketmoqchi edik, o‘sha amaki mendan: Qayerdansizlar? Ayang qayerda? Dadang qani?» – deb so‘radi. «Dadam Rossiyaga ketib, kelmay qolgan. 4 yildan oshdi. Ayamning qo‘li kuyib uyda kasal yotibdi, ishga borolmayapti», dedim…”

Xullas, o‘sha amaki o‘g‘illarimni bozorga olib tushib kiyintiribdi, qizimga ham kiyim olishibdi. Uyga oziq-ovqat sovg‘alar bilan o‘g‘limning qo‘liga 50 000 so‘m pul berib, manzilimizni so‘rabdi. O‘g‘illarim rahmat aytib: «Tog‘ajon, ismingiz nima? Ismingizni ayting, ayam sizni duo qiladilar», deyishibdi. Men esa yig‘lardim, xolos…

Oradan yarim soatlar o‘tib eshik taqilladi. O‘sha Muzaffar hoji amaki ayoli, o‘g‘li, kelini bilan kirib kelishdi. Biroz suhbatlashib o‘tirishdi. 9 yoshli o‘g‘limning ovoz chiqarib aytgan duosidan yig‘lagan hoji aka qattiq ta'sirlanibdi va shunchalik xayri saxovat ko‘rsatibdi. Mahalla oqsoqoli, qo‘shnilar ham xabar olishdi, ro‘za, fitr pullaridan deb berib ketishdi… Men esa yig‘lab rahmat aytardim, xolos. Hoji amaki uy ijara haqining bir yilligini to‘lab, telefonimizni tuzatib, ulatib berdi. Men ishga qaytgunimcha o‘g‘li xabar olib turdi, har juma ayoli bilan yo‘qlab, o‘zi kirib kelardi…

Mana shu voqeaga ham 10 yil bo‘libdi. Shukr, qo‘llarim tuzalib ketdi. Uy ham oldim. O‘g‘illarim ulg‘ayib, yonimga kirib qolishdi, mehnatkash, aqlli, mulohazali yigitlar bo‘lishdi. Har yili Ramazon oyi kelsa, shu voqea esimga tushadi. Ko‘zlarimdan duv-duv yosh to‘kiladi. Norasida beg‘uborimning qilgan duolari yuragimni titratgandi…

Dunyoda mehribon, saxovatli insonlar ko‘p! Oylarning buyugi mohi Ramazon kezib yuribdi. Beparvo bo‘lmaylik, azizlarim! Qo‘shnining qozonida bir burda go‘sht bormikan?! Ro‘zg‘orida kamchiligi, yetishmovchiligi bormikan? Kasal emasmi?! Dori darmoni yetarlimi?! Xabar olib turing!

Baholi qudrat hol so‘rashga yaraylik! Sabrning xayri, saxovatpeshalikning ajri bor!»

 

Top