13:15 / 16.06.2016
15306

Eng yaxshi va eng yomon otalar yashaydigan mamlakatlar nomi aniqlandi

Buyuk Britaniyaning Otalik instituti olimlari 15ta mamlakatda bolalarni parvarishlash, uyni tozalash va taom tayyorlash bo‘yicha majburiyatlar qanday taqsimlanishi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishdi. Natijada, farzand bilan o‘tkazilgan vaqt ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yomon otalar britaniyaliklar bo‘lib chiqdi, deb xabar qiladi RIA «Novosti».

Tadqiqotchilar tomonidan chop etilgan hisobotda qayd etilishicha, Buyuk Britaniyada onalar bolalari uchun ajratgan 1 soatga otalarning 24 daqiqasi to‘g‘ri keladi. 

Eng yaxshi otalar esa Portugaliyada yashashi aniqlandi: portugallarda bu nisbat 1 soatga 39 daqiqa.

Shuningdek, farzandlariga ota-ona bir xil darajada e'tibor ko‘rsatuvchi yetakchi mamlakatlar qatoridan Shvetsiya, Fransiya, Italiya va Yangi Zelandiya joy oldi, deb yozilgan hisobotda. 

Biroq olimlarning ta'kidlashicha, britaniyalik erkaklar ayollariga xo‘jalik ishlarida ko‘proq ko‘mak berishadi. Shunday qilib, ular xuddi shu maqsadda ayollar tomonidan sarflangan har soatga nisbatan 34 daqiqani uyni tartibga keltirish va yeguliklar tayyorlashga sarflashadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha birinchi o‘rinni daniyaliklar qayd etdi — 44 daqiqa. 

Bundan tashqari, ma'lum bo‘lishicha, Buyuk Britaniya erkak va ayol maoshlarining farqi bo‘yicha ham so‘nggi o‘rinlardan birini oldi. Ayollar bu yerda o‘rtacha hisobda 17,4 foiz kamroq maosh oladi. Bu borada eng kam farq bo‘lgan ko‘rsatkich Yangi Zelandiyada qayd etildi. Unga ko‘ra, ayollar erkaklarga nisbatan 5,6 foizgagina kamroq haq olishadi.

Top