15:33 / 17.06.2016
6549

Jo Koksning qotilligi: Qotil ruhan nosog‘lom bo‘lib chiqdi

Buyuk Britaniya parlamenti deputati Jo Koksning joniga suiqasd qilishda gumon qilinayotgan 52 yoshli Tomas Meyr ruhiy jihatdan nosog‘lom bo‘lib chiqdi. Bu haqida The Daily Mail ma'lum qildi.

Tergov davomida gumon qilinayotgan shaxs "ijtimoiy izolyatsiya"dan qiynalganini aytgan, bu uzoq davom etgan ruhiy kasallik natijasida yuzaga kelgan holat. 

Manbaning xabar berishicha, Tomas Meyr maxsus maktablarning birida ko‘ngilli sifatida xizmat qilgan. 

Meyrning do‘stlarining aytishicha, u siyosatga, xususan, Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishiga doir referendumga umuman qiziqmagan. 

Gumon qilinayotgan shaxsning akasi Tomasning ruhiy holatida muammolar borligini tasdiqladi. 

Buyuk Britaniyada G‘arbiy Yorkshirdagi Berstoll shahriga tashrif buyurgan 41 yoshli leyborist deputat Jo Koksning joniga suiqasd qilindi. Mahalliy kutubxona oldida fuqarolar bilan suhbat qurayotgan Koks va ikki erkak orasida nizo ko‘tarildi. Buning natijasida ulardan biri to‘pponchasini olib, unga qarata o‘q uzdi. Shuningdek, Koksga pichoq ham urilgan.

Keyinchalik parlamentariyning hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar qilindi.

Leyborist Jo Koks Buyuk Britaniyaning YeIda qolishi tarafdori edi. Meyr esa Brexit tarafdori ekani aytilmoqda. Bu qotillik mamlakatning YeIdan bo‘yicha referendumga 1 hafta qolganida ro‘y berdi.

Qotillikdan so‘ng referendum arafasidagi targ‘ibot kampaniyalari to‘xtatib qo‘yilgan.

Top