18:52 / 18.06.2016
14422

Yevro-2016 musobaqasidagi eng bo‘ydor futbolchilar

Futbolchilar orasida ham basketbolchilar kabi bo‘ydor o‘yinchilar bor. Ayniqsa, darvozabonlarning bo‘yi baland bo‘lishiga ko‘nikib qolganmiz. Biroq bugun e'tiboringizga Yevro-2016 musobaqasidagi eng bo‘ydor himoyachi, yarim himoyachi va hujumchilardan tashkil topgan reytingni havola etamiz.

6-10. Kris Smolling (Angliya) — 194 sm

“Manchester Yunayted” futbolchisi Angliya terma jamoasida Garri Kexill bilan birga to‘p surmoqda. U Rossiyaga qarshi uchrashuvda bo‘yi deyarli 2 metr bo‘lgan Artyom Dzyubaga qarshi kurashdi.

6-10. Jonatan Ta (Germaniya) — 194 sm

Futbolchi Yevro-2016 musobaqasiga jarohat olgan Antinio Ryudiger o‘rniga bordi. “Bayyer” himoyachisi Germaniyaning o‘smirlar terma jamoasida ishtirok etib kelar edi. Endi esa Boateng hamda Mustafi o‘rniga maydonga tushishi mumkin.

6-10. Marvon Fellayni (Belgiya) — 194 sm

Fellayniga uning uzun va jingalak sochlari yanada bo‘ydor ko‘rinishdan tashqari, bosh bilan o‘ynashda ham yordam beradi. Ba'zan aynan uning bo‘ydorligi sabab Aksel Vitsel Belgiya terma jamoasi zaxira o‘rindig‘iga “mixlanadi”.

6-10. Grasiano Pelle (Italiya) — 194 sm

“Sauthempton” hujumchisining bo‘ydorligi, ayniqsa, Yevro-2016 musobaqasining eng past bo‘yli futbolchisi – Lorentso Insine bilan yonma-yon bo‘lgan vaqtda yaqqol sezilib qoladi.6-10.

Bartosh Salamon (Polsha) — 194 sm

Ko‘plab futbol muxlislari Polsha tarkibida eng bo‘ydor futbolchi bu Robert Levandovski deb o‘ylashsa, ajabmas. Biroq “Bavariya” hujumchisi Bartosh Salamondan roppa-rosa 10 sm.ga pastroq.

5. Zlatan Ibrahimovich (Shvetsiya) — 195 sm

Zlatan qanchalik bo‘ydor bo‘lsa, shunchalik texnikasi yuqori futbolchi. Odatda, unga qarshi ikki nafar himoyachi harakat qiladi.

2-4. Mark Yanko (Avstriya) — 196 sm

32 yoshli “Bazel” hujumchisi Avstriya terma jamoasida zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan bo‘lsa-da, kerakli vaqtda maydonga tushib, Alaba va Fuksning uzatgan to‘plariga yuqori qavatda egalik qilishi mumkin.

2-4. Filipp Budkovskiy (Ukraina) — 196 sm

Filipp Budkovskiy Zozuli va Seleznyovdan keyin Ukrainaning 3-raqamli hujumchisi hisoblanadi. U ikki mavsumdan beri Luganskning “Zarya” klubida to‘p surmoqda.

2-4. Artyom Dzyuba (Rossiya) — 196 sm

Artyom Dzyuba Rossiyaning eng bo‘ydor futbolchilaridan biri hisoblanadi. U bu borada faqatgina darvozabon Marinato Gilermega yutqazadi, xolos.

1. Yevgeniy Xacheridi (Ukraina) — 198 sm

Yevro-2016 musobaqasining eng bo‘ydor o‘yinchisi – Ukraina hamda “Dinamo Kiyev” himoyachisi Yevgeniy Xecheridi hisoblanadi. Shundan bo‘lsa-da, u Toni Kroos uzatgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ygan Shkodran Mustafiga qarshilik ko‘rsata olmadi.

Manba: Tribuna.Uz

Top