14:38 / 18.06.2016
20803

Ne bo‘lsa-da, u otam axir...

— Otajon, iltimos, yig‘lamang. Manavi pullarni olib qo‘ying, — deya hamyonimdan bir dasta pul olib, otamga uzatdim.

— Bolam, men noinsof otangni kechir. Kechir qizim, — deya otam yelkalari silkinib-silkinib yig‘lardi.

Ota-bola zo‘rg‘a xayrlashib, ortimga qaytdim.  Shu payt amakimning turmush o‘rtog‘i ayolning shang‘illagani qulog‘imga chalindi:

— Ha, nimaga kelibdi? Pul so‘rab kelgandir-da gadoyvachchalaringiz!

Ortimga qayrildim.

— Unday demang. Mana, qizim menga shuncha pul tashlab ketdi. U pulga muhtoj emas. Mang, olaqoling! — deya otam bechora qo‘llaridagi pullarni unga uzatdi. U bo‘lsa pullarni oldi-da otamni masxara qilgandek boshidan sochib, hovliga kirib ketdi.

Otam bo‘lsa yerga cho‘k tushganicha qo‘lini musht qilib yerga urib yig‘lardi.

 Otam yaxshigina bir idorada ishlardi. Bundan tashqari qo‘li gul usta edi. Odamlarga eshik-rom, darvozalar yasab berardi. “Iloyo ichkilikni chiqarganni uyi kuysin”, deb qarg‘anardi ayam. Chunki otam ichkilikka berildiyu uyimizdan fayz-baraka aridi. Ana shu ichkilikning ortidan otam ishxonasidan ham bir necha bor tanbeh eshitdi. Ammo bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Uyga kelib ayam bilan janjallashadigan odat chiqardi:

— Ishxonadagi g‘alamislar meni ko‘rolmayapti. Ichsam o‘zimning pulimga ichamanda. Birontasi olib bermasa? Nimaga hadeb gapirishaveradi!

— Iltimos otasi, ichmang! Aftu-angoringizga bir qarang! Kimlarga o‘xshab qoldingiz!

— Sen jim bo‘l! Men hali ularga ko‘rsatib qo‘yaman, kimligimni!

Afsuski ayamning barcha sa'y-harakatlari bekor ketardi. Otam ishdan haydaldi. Ancha vaqtgacha uydan ko‘chaga chiqolmay o‘tirdi.  Gohida ayamga baqiradigan odat chiqardi:

— Pul topib ber! Bekitib qo‘yganlaringdan chiqar! Ichgim kelyapti!

— Hoy, otasi, baqirmang! Uyat bo‘ladi-ya. Birov eshitmasin, — derdi ayam bechora atrofga olazarak qarab.

Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi, deganlaridek, ayam qora kunga deb olib qo‘ygan pullar ham tugadi. Otam esa biror joyga borib ishlashni xayoliga ham keltirmasdi. Hatto duradgorchilik ham qilmay qo‘ydi. Shuning uchun qo‘liga ilingan buyumni olib, sotib ichadigan, janjal chiqaradigan odat chiqardi. Gohida otam ayamni rosa kaltaklardilar. Biz ayamga yordam berolmasdan ho‘ng-ho‘ng yig‘lardik. Ayam bechoraning ko‘karmagan joyi qolmadi.

Bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka ko‘tariladi, degan gap rost ekan. Nima yeb, nima ichganimizni bilmay qoldik. Biz endi uyimizda tinchlik bo‘lishini istab qoldik. Chunki mehribon ayajonimning ko‘zlarida yosh ko‘rish biz uchun azob edi. Ayamni qanday ovutishni ham bilmasdik. Murg‘akkina qalbimizda otamizga qarshi isyon bor edi. Ammo uni qanday qilib yuzaga chiqarishni bilmasdik.

Kunlarning birida buvim biznikiga mehmonga keldi. O‘sha kuni ham otam har galgidek ichib kelib, ayamni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan rosa so‘kdi. Buvim kuyovining haqoratlariga chiday olmay, uni murosaga chaqirmoqchi bo‘ldi:

— Bolam, sal og‘zingizga qarab gapiring. Qizim qanday ayb ish qildi? Urush-janjal bilan oilani mustahkamlab bo‘lmaydi.

— Nasihatingizni bolalaringizga qilasiz! Agar qizingiz kerak bo‘lsa, olib ketavering! Jonimga tegib ketdi! Men yolg‘iz qolishni xohlayman! —deya otam buvimga o‘shqirdi.

Buvimning dili og‘ridi. Boshini sarak-sarak qilganicha uyga kirdi va ayamga dedi:

— Buning odam bo‘lmaydi chog‘i. Kel, uni bir pas tinch qo‘y. Nabiralarimni kiyintir, kerakli narsalaringni olvol. Men tirik ekanman, seni hech kimga xo‘rlatib qo‘ymayman. Tor qornimga siqqan, keng hovlimga sig‘maysanmi?

— Ona, axir bolalarim tirik yetim bo‘lib qoladimi?

— Bu alfozda yashagandan ko‘ra, tirik yetim bo‘lgani ma'qul. Bolalaringni ahvoliga qara! Bechoralar ozib-tuzib ketibdi-ku! Otasining baqirishidan cho‘chib, tum-taraqay qochishayapdi bechoralar. Rahming kelmaydimi ularga! Yaxshisi bunday yashashdan voz kech. Qachonki eringa insof bitib, o‘zi seni yalinib olib kelsa shundagina bu yerga kelasan. Gapni ko‘paytirmasdan, hammang oldimga tush!

Ayam istar-istamas bizning zarur bo‘lgan kiyimlarimizni sumkalarga joylashtirdi. Bizni ham apil-tapil kiyintirdi. Keyin uyimizdan chiqib ketdik. Meni o‘sha atrofdagi maktabga, ukamni esa bog‘chaga joylashtirishdi. Buvim bilan ayam tikuvchilik qilib  pul topa boshlashdi. Otam esa bizdan umuman xabar ham olmadi.

Kunlarning birida ayam buvimga aytmasdan uyimizga boribdi. Otam allaqachon uyimizni sotib, poytaxtda yashaydigan akasinikiga ko‘chib ketibdi. Chunki uy amakimning nomida edi. Shunday qilib biz otasiz qoldik. Biroq bayramlarda, tug‘ilgan kunlarimizda eshikka tikilib, otamizni kutardik. Bizga sovg‘asi kerak emas, o‘zi kelsa bo‘lgani edi. Afsuski bu kutishlar ancha yillar davom etdi. Ayam ham bizga sezdirmasdan otamizni kutar, kechalari yig‘lab chiqardi.

Bir kuni ukam Ma'mur yig‘lab keldi. Ayam uni quchib so‘radi:

— Qani meni polvonim, nima bo‘ldi? Kim xafa qildi?

— Anavi Dagar “Seni otang yo‘q, yetimsan” dedi. Qolgan bolalar ustimdan kulishdi.  Men unga “Otam uzoqqa, ishlagani ketgan. Menga vilosiped olib keladi” desam, Dagar “Otang senlarni tashlab ketgan. Hech qachon vilosiped olib kelmaydi. Tushingni borib suvga ayt” dedi. Endi men ular bilan o‘ynamayman, — dedim hiqillab.

— Yig‘lama, bolam. Ular bilan endi o‘ynama! Ana opang bilan o‘ynagin.

— Ayajon, rostini ayting, meni otam bor-a! Uzoqqa ketgan-a? Bir kuni keladi-ya?

— Albatta, keladi, o‘g‘lim. Seni otang hammanikidan yaxshi. Hozir ishi ko‘p. Sen yaxshi, aqlli bola bo‘lib yursang, senga vilosiped olib keladi. O‘shanda jo‘ralaring uyalib qolishadi.

Ma'mur xonasiga kirib ketib, o‘zini krovatchasiga otib yig‘ladi. Chunki u ham, ayam ham otamizni sog‘ingandik. Ayam bo‘lsa o‘sha kuni karaxt ahvolga tushib qoldi. Ertasi kuni esa kasal bo‘lib yotib qoldi. Buvim ayamning issig‘ini tushirish uchun dokani muzdek suvga botirib peshonasiga qo‘yardi.

— Onajon, agar menga biror kor-hol bo‘lsa, kuyovingiz kelsa, nabiralaringizni unga berib yuboring. Ularni ota mehridan mosuvo qilmang.

— Gaplaringni shamol uchirib ketsin! O‘zi nimalar deb valdirayapsan! Hali tuzalib ketasan. Bolalaringni ham o‘zing katta qilasan! Nabiralarimga nomard otasi kerak emas! Hali ko‘p yashaysan!

— Onajon, iltimos kuyovingizni urishmang, qarg‘amang.

— Qani o‘sha betayin ostonamga bir kelib ko‘rsin-chi! Norasida bolalarini tashlab ketgan ota — ota bo‘larmidi? Iloyo uni nevaralarimning ko‘z yoshlarini uvoli tutsin. Uylangan bo‘lsa, boshqa farzand ko‘rmay, tirnoqqa zor o‘tsin!

— Onajon, unday demang. Axir u ham birovning jondan aziz ko‘rgan bolasi. Bir xato qildi-da. Uni kechiring. Bolalarim otasiz o‘ksinmasin deyman-da.

— Gapni ko‘paytirmasdan manavi dori bilan qaynagan suvni ich. Bir terlasang, yaxshi bo‘lib ketasan, —deya buvim menga yuzlandi. —Bibi! Dokani ol. Suvga solib, suvini siqib, ayangning peshanasiga qo‘yib tur. Men hozir kelaman, —deya xonadan chiqib ketdi.

Ayajonim bo‘lsa meni bag‘riga bosib, qo‘ng‘iroq sochlarimni siypalab dedi:

— Meni aqlli qizim. Otang hech qachon yomon odam bo‘lmagan. U sizlarni judayam yaxshi ko‘rardi, mehribon edi. Omad undan yuz o‘girib ishsiz qoldi. Alamini ichkilikdan oldi. Agar otang qaytib kelsa, undan sirayam yuz o‘girmanglar. Otangga yaxshi muomilada bo‘linglar.

— Bilaman, ayajon. Aytganingizdek qilaman, sirayam xavotirlanmang. Men ham, ukam ham otamni sog‘indik. Tezroq kelsa yaxshi bo‘lardi. Siz ham qinalib ketdiniz.

Shu payt buvim patnos ko‘tarib eshikdan kirib keldi. Ayamga majburlab issiq-issiq choy va ovqat ichkizdi. Biz esa ayamning atrofida parvona bo‘lib, charchab uxlab qoldik.

Ayajonim, uch kun deganda oyoqqa turdi. Darhol tikuv mashinasiga o‘tirib menga chiroyli, kapalakchali kuylak tikib berdi. O‘sha kuni uyimizda xursandchilik bo‘ldi.

Oradan yillar o‘tdi. Biz ham ulg‘aydik. Otamizni qaytib kelmasligini ham fahmlab yetdik. Biroq ayam hamon otamni kutardi. Mahallamizdan birortasi Toshkentga boribdi, deb eshitsa darhol uning yoniga borib otamni surishtirardi. Gohida xonasiga kirvolib, otamning suratiga uzoq tikilib o‘tirardi.

 Suyangan tog‘imiz bo‘lmish buvim ham vafot etdi. Qarisi bor uyning parisi bor, deganlari to‘g‘ri ekan. Biz farishtamizni yo‘qotib qo‘ydik.

Ayam qiynalsa ham biz farzandlarini institutlarda o‘qitdi. Keyin meni uzatdi, ukalarimni uylantirdi, uyli-joyli qildi. Meni turmush o‘rtog‘im mehribonlik uyida tarbiyalangani uchun u uyimizga ichkuyov bo‘lib keldi. Ayam uchalamiz yashay boshladik. Ukalarimning hovlisi alohida edi.

Bir kuni turmush o‘rtog‘im bilan ayam ziyoratga otlanishdi. Men ularni ziyoratga borishiga qarshi edim. Chunki o‘sha kuni tush ko‘rgandim. Tushimda buvim “Men och qoldim, ovqat beringlar”, deya kosa ko‘tarib yurganmish. Ayam bilan xo‘jaynimdan ham ovqat so‘rabdi. Vafot etgan odamning ovqat so‘rab yurishi yaxshilik alomati emasdi. Bu biror xavfdan ogohlantirish edi. Ammo ayam “boramiz” deb turib oldi. Noiloj ko‘nglim g‘ash bo‘lib ularni kuzatdim. Kechqurun esa shifoxonadan qo‘ng‘iroq qilishib, ularni “avtohalokatga uchrabdi” degan shumxabarini eshitdim. “Bo‘lishi mumkin emas, yolg‘on!” deya yig‘layman. Tezda aytilgan joyga, shifoxonaga bordim. Ikkalasining ustiga ham oppoq choyshab yopib qo‘yishibdi. Dod solib yig‘ladim. Bu dunyoga sig‘may ketdim.

Ertasi kuni uyimizdan qo‘sh tobutni chiqarishdi. Ularning ortidan   bo‘zlab qoldim. O‘zimku otasiz, ota mehriga to‘ymay voyaga yetgandim. Endi bo‘lsa bolalarim ham mening ahvolimga tushib qolishdi. Farzandlarimga qarab ich-ichimdan ezilardim. Chunki ularning nigohi, ko‘zlaridagi mung mening dilimni yaralardi. Ularga ham otasizlik qanchalik qiyin ekanligini his qilardim. Sabr qilishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Endi farzandlarimga ham ota, ham ona edim.

O‘zim maktabda rahbarman. Ish qizigandan qizib yotibdi. Yaxshiyamki mana shu ishim bor ekan. Sal bo‘lsa-da g‘amlarim unuti ladi.

Bir kuni uyda o‘tirib uyga toldim. “Otamni izlab, topib, uyimizga olib kelsam-chi”degan fikr o‘tdi xayolimdan. Yaqin dugonam Sojidaga bu fikrimni aytdim.

— Avvalroq qayerda eding? Nima shu paytgacha otangni topish xayolinga kelmadi-a? Mayli, hali ham kech emas. Otangni topsang, bolalaring bobosi bilan diydorlashardi, ayangning ham ruhi tinch bo‘lardi.

— Bir kuni vaqt ajratib, Toshkentga birga borib kelaylik.

— Mayli, dugonajon. Siz bilan dunyoning narigi chekkasiga ham borishga tayyorman.

Mehnat ta'tiliga chiqqanimdan so‘ng darhol Sojidaga qo‘ng‘iroq qilib, poytaxtga borishimizni kelshib oldik. Sojida aytilgan kun menikiga yetib keldi. Otamning akasini manzilini surishtirdik. Sinfdoshlarim manzilini topib berishdi. Ertasi kuniyoq yo‘lga chiqdik.

So‘rab-so‘rab Makkani topibdi deganlaridek, biz ham manzil bo‘yicha amakimnikini topdik. Uning uyi ikki qavatli qasrga o‘xshardi. Bahaybat temir darvozaning qo‘ng‘irog‘ini bosdim.

— Kim u? — degan ovozi eshitildi ichkaridan.

Dugonam bilan bir-birimizga qarab nima deyishimizni bilmay qoldik.

Darvoza ochilib, ichkaridan pardoz-andoz qilgan, chiroyli kiyinib olgan ayol bizga ajablanib tikilib turdi.

— Assalomu alaykum, opajon. Uzr, bezovta qilgan bo‘lsak. Bizga Xondamir aka kerak edi. Shu yerda turadimi?

— Hmm... —dedi ayol bizga boshdan-oyoq razm solib. Xushlamaygina. Keyin hovli tomonga yuzlandi. — Xondamir, ho Xondamir! Sizni so‘rab kelishibdi, chiqing tezroq.

Boyagi ayol bizni mensimasdan darvozani qiya ochiq qoldirdi-da, tamannolanib yurib ketdi.

Birozdan so‘ng ust-boshi yupun, soch-soqoli o‘sib ketan kishi oldimizga chiqib keldi-da, bir zum hayron bo‘lib qarab qoldi.

Yuragim birdan hapriqib ketdi. Bu o‘sha, bizlarni o‘ttiz yil oldin tashlab ketgan otam edi.

Biz darhol salom berdik.

Men, Bibiman! Taniyapsizmi? — dedim titrab.

— A? Qaysi Bibi?

— Vodiydagi qizingiz, Bibixonman, ota. Sizni ko‘rgani, mehrinizga tuygani keldim.

— Bolam, senmisan-a, qizim, — deya otam meni bag‘riga bosib, yig‘lab yubordi.

Ota-bola yig‘lab ko‘rishdik. Sojida ham bir chetda dastro‘molcha bilan ko‘z yoshlarini artib turardi.

— Uyga kiringlar, qizlarim, qani, ichkariga, —deya otam darvozani kattaroq ochib yo‘l boshladi. Ortidan unga ergashdik. Otam bizlarni hovlining bir chekkasidagi so‘riga o‘tirishga taklif qildi. Hammamiz o‘tirgach, otam o‘sha yerdagi xonalardan biriga qarab baqirdi:

— Hoy, mehmon keldi! Tezroq dasturxon yozinglar!

Otam bizni ko‘rganidan xursand edi. Birozdan so‘ng bir qo‘lida dasturxon, bir qo‘lida patnos tutganicha yoshgina ayol hoynahoy uy xizmatchisi bo‘lsa kerak, yonimizga kelib, xontaxta ustiga dasturxon yozdi, choy qo‘yib bizga uzatdi.

— Uzr, sizni tashvishga qo‘ydik, — dedi dugonam u ayolga.

— Xush kelibsizlar, — deya ayolgina ortiga qaytdi.

—Otajon, yaxshi yuribsizmi? Tan-joningiz sog‘mi? —deya hol-ahvol so‘ray boshladim.

— Yaxshiman, qizim, sog‘man, — deya sekingina ko‘zlarini yerga tikib gapirdi otam.

Shundan so‘ng hammamiz sukut ichida qoldik. O‘zim katta bir maktabning direktori bo‘lsam-da, shu payt tilimga bir so‘z kelmasdi. Juda o‘ng‘aysiz holatga tushib qoldim. Shuning uchun tezroq ketishga shoshildim. Otamga uy manzilimizni, telefon raqamlarimizni yozib berdim. Nimagadir bu hovlida havo yetishmayotgandek edi. Tezroq bu yerni tark etishni istadim. Ko‘chaga chiqdik.

— Otajon, endi o‘zingiz, albatta, boring! Ukalarim, nevaralaringiz sizni rosayam sog‘inishgan.

— Qizim, bir pas shoshmay tur, — deya otam shosha-pisha ichkariga yoshiga xos bo‘lmagan chaqqonlik bilan yugurib kirib ketdi. Hovlidan  boyagi ayolning norozi ohangda nimalarnidir deb to‘ng‘illagani eshitildi.

Birozdan so‘ng otam qo‘llarida ozgina pul bilan chiqib, uni menga uzatdi-da yosh boladek ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

— Yig‘lamang, otajon. Bu yerga sizni ko‘z yoshingizni ko‘raman, deb kelmadim. Yig‘lamang. Menga sizning pullaringiz ham, mol-dunyongiz ham kerak emas. Xudoga shukr, hammasi yetarli. Bizga sizning mehringiz kerak, otajon. Undan ko‘ra manavini olib qo‘ying, — deya sumkamdan bir dasta pul chiqarib, otamning qo‘llariga tutqazdim. — Biror kamingizga ishlatarsiz.

Otam yelkalari silkinib-silkinib unsiz yig‘lardi.

— Otajon, biznikiga boring. Nevaralaringiz bilan tanishtiraman. Ular ham bobosini sog‘ingan.

— Mayli, qizim, boraman. Faqat, men noinsof, nomard otangni kechir.  Akamga ishonib xor bo‘ldim, bolam, xor bo‘ldim.

Ota-bola zo‘rg‘a xayrlashdik. Yo‘lda ketayapmanu yuragimning bir parchasi shu yerda qolayotgandek. Ortimga qayrildim. Darvoza oldida boyagi ayol qo‘lini beliga tirab olganicha otamga baqirardi:

— Ha, bergan pulimni mensimadimi? Kam ekanmi? Nimaga kelibdi o‘zi gadoyvachchalar?

— Unday demang, kennoyi! Pul kerakmi sizga, oling, mana! — deya otam bechora unga men bergan pullarni tutqazdi.

U bo‘lsa pullarni otamning ustidan sochib, masxara qilib, darvozani qarsillatib yopib qo‘ydi

Bu holatni ko‘rib chiday olmadim. Yugurib otamning yoniga bormoqchi bo‘ldim. Sojida meni ushlab qolib dedi.

— Ularning nizolariga aralashmang. Birozdan so‘ng ular kelishib olishadi. Otangiz esa baribir orqangizdan siznikiga yetib boradi. Hozir ularni yolg‘iz qo‘yganingiz mahqul. Aka-uka o‘rtasiga sovuqchilik tushirmang.

Otam yerga cho‘kka tushganicha mushti bilan yerni urib-urib yig‘lardi.

Ortimga qaray-qaray ko‘zlarimda yosh bilan uyga qaytdim. Otamning g‘aribgina holati ko‘z o‘ngimdan sirayam ketmasdi.

Oradan o‘n kuncha vaqt o‘tgach, darvozamiz ketma-ket taqillab qoldi. Darhol darvozani ochdim. Ostonada to‘rttagina non ko‘tarib olgan otam siniqqina iljayib turardi. Ko‘zlarimga ishonmadim. Otamni bunchalar tez yetib keladi, deb o‘ylamovdim ham.

— Kelishingizni bilardim, otajon! — deya mehmonxonaga boshladim.

— Yaxshi o‘tiribsanmi, bolam. Bezovta qilib qo‘ymadimmi? — dedi otam qimtinibgina.

— Unday demang, otajon. Axir bu ham sizning uyingiz. Buvimning hovlisini sotib, shu yerga ko‘chib kelgandik. Siz o‘tira turing, men hozir nabiralaringizni boshlab kelaman, — deya oshxona tomonga o‘tdim.

— Bolalar, chiqinglar, bobongiz keldi!

— Ur-re, bobom kelibdi, — deya farzandlarim mehmonxonaga qarab yugurishdi.

Otam kelib, uyimiz nurga to‘lgandek bo‘ldi. Ayajonimning ham ruhlari shod bo‘lgandir. O‘sha kundan so‘ng otam Toshkentga qaytib bormadi. Biz bilan yashab qoldi. Shu o‘rinda quyidagi satrlar xayolimdan o‘tdi:

Dunyoning bu pallalari topilmaydi,

Eshiklari tun-kun ochiq yopilmaydi,

Mehr aslo do‘konlarda sotilmaydi,

Mehringizni qizg‘anmang bir-biringizdan.

Xonbibi HIMMAT qizi

Top