10:39 / 19.06.2016
3593

Yevro-2016: Lion va Lillda o‘yindan oldingi mashg‘ulotlar chim holati qoniqarsizligi tufayli boshqa joyga ko‘chirildi

Yevropa chempionati doirasida A guruhining so‘nggi tur o‘yinlaridan oldingi mashg‘ulotlar boshqa joylarga ko‘chirildi. Musobaqa tashkilotchilari tomonidan xabar berilishicha, bu chora stadionlarning maydonlari chimini qoniqarli holatda tutib turish zaruriyati yuzasidan qabul qilingan.

A guruhining so‘nggi turidan o‘rin olgan Fransiya – Shveytsariya uchrashuvi Lill shahrida, Ruminiya – Albaniya bahsi esa Lion shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Endilikda, shu jamoalar o‘yindan oldingi mashg‘ulotlarni zaxira maydonlarida o‘tkazishadi. Lilldagi mashg‘ulotlar "Nord Lill Metropol" stadioniga ko‘chirilgan, Liondagi mashg‘ulotlar esa mahalliy jamoa Lionning eski stadioni bo‘lmish "Jyerlan"da bo‘lib o‘tishi ko‘rsatilgan.

Bundan oldinroq, UYeFA direktori Martin Kallen Fransiyada o‘tayotgan Yevropa chempionatidagi stadionlarning maydoni qoniqarli ahvolda emasligini tan olib, stadionlar qurilishida yomg‘irlar suvlari va quyosh nuri tushishi imkoniyatlari yetarli darajada hisobga olinmaganini bunga sabab sifatida keltirgandi. 

Manba: Tribuna.UZ

Top