11:00 / 19.06.2016
6167

Ronaldu: Rekordlarim faxrim, lekin birinchi navbatda Avstriya ustidan g‘alaba qozonishni istagandim

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu uchun Yevropa chempionati guruh bosqichining ikkinchi turida Avstriyaga qarshi kechgan uchrashuv u milliy terma jamoa safida o‘tkazgan 128-uchrashuv bo‘ldi.

Shu tariqa, u Luish Figuning (127 o‘yin) natijasini yangilab, Portugaliya termasi uchun eng ko‘p maydonga tushgan futbolchiga aylandi.

U o‘yindan keyin o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. 

«Men Figudan o‘zib ketganim bilan faxrlansam bo‘ladi. Bilamanki, u ham men uchun xursand bo‘ladi. Terma jamoa safida 128-uchrashuvda maydonga tushganimdan mamnunman, shu bilan birga bu uchrashuv natijasi men xafa qildi. Men birinchi navbatda rekord qayd etishni emas, g‘alaba qozonishni istayman. 

Futbol shunaqa. Biz ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldik, men penaltini golga aylantira olmadim, undan boshqa ham qulay vaziyatlarga ega bo‘lgandim. O‘zimizga ishonishda davom etamiz. Bizni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha portugaliyaliklarga minnatdorchilik bildirishni istardim. Barchamiz terma jamoaga ishonishimiz kerak», — deya Ronalduning so‘zlarini keltiradi Tribuna.

 

Top