14:57 / 20.06.2016
6047

Bloomberg: Putin «Rosneft» kompaniyasi ulushlarini Hindiston va Xitoyga sotmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rosneft» davlat kompaniyasining 19,5 foiz aksiyalarini Hindiston va Xitoy kompaniyalariga sotish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu bitim tuzilgudek bo‘lsa, uning qiymati 700 mlrd rubl yoki 11 mlrd dollarni tashkil etadi, deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi. 

Agentlik manbasining xabariga ko‘ra, Rossiya imkoni bo‘lsa, ikki davlat bilan ham kelishuv imzolash niyatida. Agar, ushbu urinish muvaffaqiyatli yakunlansa, Rossiya davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha o‘ziga xos rekord natija qayd etiladi. 

Exxon Mobil Corp. dan ko‘proq xom ashyo qazib oluvchi "Rosneft" kompaniyasi faoliyatiga Osiyoning ikki yirik iqtisodiyotini jalb etish, Rossiya byudjyetidagi kamomad o‘rnini to‘ldirish barobarida, mamlakatning geosiyosiy o‘rnini mustahkamlaydi, deb yozadi agentlik. Bundan tashqari, mazkur bitim, 2013 yili Britaniyaning BP Plc kompaniyasi xarid qilgan 20 foiz aksiyalarga qarshi pallani muvozanatga keltirishi kerak. 

RNS xabariga ko‘ra, Oil India, Indian Oil va Bharat Petro Resources hind kompaniyalari konsorsiumi Vankor loyihasida 23,9 foiz ulushni xarid qilgan, Kelishuv PXIF-2016 doirasida imzolangan edi. 

Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak ham Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida qilgan chiqishida, Xitoy kompaniyalari va sarmoyadorlarining «Rosneft» davlat kompaniyasini xususiylashtirishda ishtirok etishi ehtimolini rad etmagan edi.

Top