17:43 / 20.06.2016
6990

Brabus dunyodagi eng kuchli 4 kishilik kabriolet ishlab chiqdi

Brabus tyuning atelesi «Le-Manning 24 soati» poygasida Mercedes-AMG S 63ning modifikatsiyalangan namunasini namoyish etdi. «Brabus» vakillari bu mashinani «dunyodagi eng kuchli to‘rt o‘rindiqli kabriolet» deb atashdi.

Tyunerlar, 5,5 litrli V8 standart biturbomotori hajmini 5,9 litrgacha yetkazishning uddasidan chiqishgan. Xususan, kolenval, turbinalar, kiritish va chiqarish tizimlari o‘zgartirildi, boshqaruv bloki qayta dasturlashtirildi. Natijada, agregat kuchi 585 ot kuchidan 850 ot kuchiga yetdi. 

7 bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi yordamida dvigatel barcha g‘ildiraklari yetakchi bo‘lgan kabrioletni 3,5 soniyada 100 kmga chiqara oladi. Unga elektronika yordamida soatiga 350 km ko‘rsatkichda cheklov o‘rnatilgan. Spidometrda esa, Brabus'ga oid an'anaga ko‘ra, 400 kilometr raqamini ko‘rish mumkin.

Kabriolet podveskasi, o‘z navbatida, 15 mmga pasaytirilgan. Bundan tashqari, Brabus mutaxassislari uning eksterer va intereriga o‘zgartirishlar kiritishgan. Xususan, mashinaning orqa bamperi karbonli elementlarga ega bo‘lgan, saloni ostonasida, pedal ustilarida Brabus tamg‘asi tushirilgan.

Shunday qilib, Brabus o‘z mijozlariga tayyor holatdagi Mercedes-AMG S 63ni xarid qilishni yoki standart S 63 kabrioletini qayta ishlashni taklif etgan bo‘lsa-da, xizmat haqiga oydinlik kiritmagan. 

Odatda, oddiy S 63 Germaniyada 187 ming 484 yevrodan boshlansa, yuqoridagi o‘zgarishlar va xizmat haqi bilan uning narxini taxmin qilish mushkul ish emas.

Top