08:35 / 20.06.2016
8327

Shimoliy Koreya AQSh ig‘volariga qarshi zarbalar berishga tayyorligini bildirdi

Shimoliy Koreya AQSh hukumatining ig‘volariga qarshi mintaqadagi AQSh bazalariga zarbalar berishga tayyor. Bu haqda Shimoliy Koreya Davlat mudofaa qo‘mitasi raisi bergan bayonotda aytilgan. Bayonot Koreya markaziy telegraf agentligi tomonidan chop etilgan.

Rais Koreya xalq armiyasining yuqori aniqlikdagi qurollari nishonida AQSh obektlari, jumladan Guamdagi Anderson harbiy-havo kuchlari bazasi va suv osti kemalari bazasi turganini aytdi.

Bayonot AQShning Mississippi suv osti atom kemasi Janubiy Koreyaning Pusan portiga kirgandan keyin va Guamda B-52 bombardimonchi samolyotlari ishtirokida o‘tgan mashg‘ulotlar bilan bog‘liq holda chop etildi.

Shimoliy Koreya Davlat mudofaa qo‘mitasining fikricha, AQSh qo‘mondonligining bunday harakatlari Koreya yarimorolida yadroviy urush sodir bo‘lish xavfini kuchaytirmoqda.

Qo‘mitada yuzaga kelgan vaziyat Koreya Ishchi mehnat partiyasi tomonidan ma'qullangan, iqtisodiyotni rivojlantirish va yadroviy salohiyatni mustahkamlashni parallel ravishda olib borishning muhimligini ko‘rsatayotganiga ishonch bildirildi.

Top