15:24 / 21.06.2016
4960

«Barselona»: Neymar boylik va baxtiyorlikdan birini tanlashi kerak

«Barselona» jamoasi rahbariyati braziliyalik hujumchisi Neymarni tarkibda saqlab qolishga urinmoqda. 

Shu bilan birgalikda futbolchiga «Real», «Manchester Yunayted» va «PSJ» kabi boshqa jamoalardan taklif qilinayotgan katta miqdordagi pullar kataloniyaliklar klubida yo‘qligi tan olingan. 

«Neymar «Barselona» hech qachon to‘lay olmaydigan mo‘may pullar bilan u bu jamoada olishi mumkin bo‘lgan zavq va baxtiyorlikdan birini tanlashiga to‘g‘ri kelmoqda», — deya ko‘k-anorranglilar jamoasi rahbariyati vakilining so‘zlarini keltiradi Ispaniyadagi Sport nashri.

Bundan oldinroq, «Barselona» Neymar bilan shu haftaning o‘zida yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilayotgani xabar qilingandi.

Futbolchi bilan amaldagi shartnoma 2018 yilning yoziga qadar tuzilgan.

Madridliklar 24 yoshli bu braziliyalikka yiliga 15 million yevrodan to‘lashni nazarda tutuvchi 6 yillik shartnoma taklif qilmoqda.

Parijliklar Neymarga yiliga 18,5 million yevrodan maosh to‘lamoqchi, bu miqdor bonuslar hisobiga yiliga 28 million yevroni tashkil qilishi ham mumkin.

Manchesterliklar esa hujumchini o‘z safiga jalb qilish uchun unga 17 million yevro miqdoridagi yillik maosh tayinlashga tayyor.

Bu vaqtda «Barselona» futbolchi bilan shartnomani uzaytirib, uning yillik maoshi miqdorini 9 million yevrodan 14 million yevroga oshirmoqchi.

Manba: Tribuna.uz

Top