02:05 / 21.06.2016
9101

Yevro-2016. Uels Rossiyani yirik hisobda yengib, guruhdan 1-o‘rin bilan chiqdi

Yevropa chempionatining "V" guruhida so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazildi. Rossiya terma jamoasi pley-offga chiqishi uchun faqat g‘alaba qozonishi shart edi, Uelsni durang ham qanoatlantirardi. 

Bu o‘yinda Slutskiy shogirdlari bitta ko‘rsatkich bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lishdi — ular ko‘proq to‘pni nazorat qilishdi. Tarkibida Beyldek tezkor futbolchisi bo‘lgan uelsliklar uchun qarshi hujumda kengroq maydonga ega bo‘lish ayni muddao edi. To‘pning Garetga kelib tushishi deyarli har safar xavfli vaziyatni yuzaga keltiraverdi. 

O‘yinning 11-daqiqasidayoq hisob ochildi. Jo Allenning uzatmasidan keyin Remzi darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi va to‘pni Akinfeyevning ustidan oshirib qo‘ydi. Oradan 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas farq yana bittaga oshdi. Shirokov to‘pni qaytarish chog‘ida Nil Teylorni Akinfeyev bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Qanot himoyachisining dastlabki zarbasini Akinfeyev qaytardi. Teylor takroriy zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi!

Bahsning 27 va 30-daqiqalarida ikkala jamoa bittadan golli vaziyatga ega bo‘lishdi. Dzyuba birga bir vaziyatga chiqib, jarima maydonchasi ichida bergan zarbasi Henessining qo‘lidan yon tomonga ketdi. 

Beyl o‘z jarima maydonchasi oldida to‘pni egalladi va yuqori tezlikda butun maydonni bosib o‘tdi. U ikki himoyachini aldab, Vouksni birga-bir vaziyatga chiqardi. Uning zarbasini Akinfeyev oyog‘i bilan qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. 

Ikkinchi bo‘limda ham o‘yin sur'ati o‘zgarmadi. Rossiya ko‘proq hujumga qilishga harakat qildi, ammo Uelsning qrashi hujumlari ancha xavfli bo‘ldi. Glushakovning xatosidan keyin Beylga darvozabon bilan yakama-yakka vaziyatga chiqib, o‘tkir burchak ostida zarba berdi. To‘p Akinfeyevning oyog‘iga tegib, olis ustun yonidan o‘tib ketdi. 

Beyldek futbolchilar ketma-ket ikkita imkoniyatni havoga sovurmaydi. Remzining uzatmasidan keyin hujumchi jarima maydonchasi ichida to‘pni qabul qildi va yuzma-yuz holatda Akinfeyevni dog‘da qoldirdi. 

Ushbu gol ruslarni ruhan sindirdi, o‘yinni Uels nazorat qilia boshladi. Shunga qaramay, o‘yin tugashiga 5 daqiqa qolganida Dzyubada ajoyib imkoniyat yuzaga keldi. Chap qanotdan yetkazilgan uzatmani Artyom besh metrdan darvozaga joylay olmadi. 

Rossiya terma jamoasi 1 ochko bilan guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi va musobaqadagi ishtirokini yakunladi. Angliya va Slovakiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda durang qayd etilgani bois, Uels 6 ochko bilan guruhda 1-o‘rinni egalladi. Angliya 5 ochko bilan 2, Slovakiya 4 ochko bilan 3-o‘rinni band etdi. 

Rossiya – Uels 0:3 (0:2, 0:1)
Gollar: 0:1 – 11 Remzi, 0:2 – 20 Teylor, 0:3 – 67 Beyl.
Rossiya: Akinfeyev, Ignashevich, Berezutskiy (Berezutskiy, 46), Smolnikov, Kombarov, Glushakov, Mamayev, Shirokov (Golovin, 52), Smolov (Samedov, 70), Dzyuba, Kokorin.
Uels:  Xennessi, Uilyams, Devis, Teylor, Chester, Remzi, Allen (Edvards, 74), Beyl (Cherch, 83), Ledli (King, 76), Ganter, Vouks.
Ogohlantirishlar: Vouks (17), Mamayev (65).

Manba: std.uz

Top