14:41 / 21.06.2016
5334

Sun'iy aql saratonga 92 foiz aniqlik bilan tashxis qo‘yishni o‘rgandi

Harvard tibbiyot maktabi va Bet Izreyyel tibbiy markazi kompyuter texnologiyasi mutaxassislari sun'iy aql tizimini namoyish etishdi. U ko‘krak saratoni xastaligiga 92 foiz aniqlik bilan tashxis qo‘ya oladi, deb xabar qilmoqda RNS yangiliklar xizmati arXiv.orgga asoslangan holda. 

Olimlar, tadqiqotlar doirasida, nutq va suratlarni aniqlash kabi turli vazifalarni bajarish uchun qo‘llanilgan mashinani o‘rgatish algoritmidan foydalanishgan. Ular, dasturga saratonga chalingan va sog‘lom hujayralar belgilab qo‘yilgan yuzlab slaydlarni kiritishgan. Biroz vaqt o‘tgach, dastur saraton hujayralarini aniqlash imkonini beradigan hisoblash usulini ishlab chiqqan. Natijada, kompyuter xavfli kasallik alomatini ko‘rsata oladigan biologik o‘zgarishlarni aniqlay oladigan bo‘lgan. Odatda, shifokorlar buni mikroskop orqali tahlil qila olishadi. 

Olimlar, Biotibbiyot vizualizatsiyasi xalqaro simpoziumida (International Symposium of Biomedical Imaging) o‘z ishlanmalarini namoyish etishgan. Ta'kidlanishicha, sinov jarayonida, sun'iy aql o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani 92 foiz aniqlik bilan bajara olgan. 

Yangilik mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar kasallikka tashxis qo‘yishda ikki xil usuldan foydalanishi, aniqlik darajasini 99,5 foizga yetkazish imkonini beradi.

Top