08:37 / 21.06.2016
4929

Trampning mitingida ushlangan yigit unga suiqasd qilmoqchi bo‘lganini tan oldi

Las-Vegasda AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Trampning mitingida  politsiyachidan to‘pponcha tortib olmoqchi bo‘lgan o‘smir milliarderni o‘ldirmoqchi bo‘lganini tan oldi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. 

19 yoshli Maykl Stiven Sendford 18 iyunda Las-Vegasdagi Treasure Island mehmonxonasida Trampni o‘ldirish maqsadida politsiya zobitidan to‘pponchani tortib olmoqchi bo‘lib, unga hujum qilgandan keyin ushlangan.

Yigit dastlab o‘zini Trampdan dastxat olmoqchi bo‘lgandek tutgan, biroq siyosatchining yoniga yaqinlashgach, o‘zini tajovuzkor tutishni boshlagan. 

Ushbu holatni tergov qilgan maxfiy xizmat materiallariga ko‘ra, Sendford so‘roq paytida Trampni o‘ldirish maqsadida Kaliforniyadan Nevadaga ataylab kelganini aytgan. Uning aytishicha, u bu suiqasdga bir yil davomida tayyorlangan va o‘zining rejasini amalga oshira olishiga ishonch hosil qilgandan keyin harakat qilishga qaror qilgan.

Tergov Sendford britan haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lganini, AQShda esa oxirgi 1,5 yildan beri yashayotganini o‘rnatgan. O‘smirning millati oshkor qilinmagan.

Yigitga zo‘ravonlik harakatini sodir etish bo‘yicha bo‘yicha ayblov e'lon qilindi, u qilmishi uchun Nevada federal sudi oldida javob beradi. U 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Top