15:34 / 23.06.2016
19978

Islom Karimov: Afg‘onistondagi vaziyat Yaqin Sharqdagi ekstremistlarni o‘ziga jalb qilmoqda

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning fikricha, Afg‘onistondagi vaziyat Yaqin Sharq mintaqasidagi ekstremistlarni hamda radikal guruhlarni o‘ziga jalb etmoqda.

"Afg‘oniston bugungi kunda Yaqin Sharqdagi ekstremistik va radikal guruhlarni o‘ziga tortayotgan poligonga aylandi", — deya ma'lum qilgan Islom Karimov 22 iyun kuni Toshkentga davlat tashrifi bilan kelgan XXR raisi Si Tszinpin bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida.

O‘zbekiston rahbarining hisoblashicha, "Afg‘onistonda ekstremistik guruhlarga qarshi kurash susaygani" kuzatilmoqda.

"Bu esa mojarolar qo‘shni mamlakatlar hududlariga o‘tishi xavfini paydo qilgan", deya qayd etgan Islom Karimov.

O‘zbekiston rahbarining qayd etishicha, Afg‘onistondagi muammolarni faqatgina BMT rahnamoligidagi keng miqyosli siyosiy dialoglar vositasida hal etish mumkin.

"Afg‘oniston muammosini qurol ishlatish yo‘li bilan hal etish mumkin emas", — deya ta'kidladi O‘zbekiston prezidenti.

Afg‘onistondagi vaziyat keyingi yarim yil ichida yanada yomonlashdi. Avvalgi vaqtlarda mamlakatning tog‘li hududlarida faoliyat ko‘rsatgan "Tolibon" harakati endilikda pasttekisliklarga tushib, shaharlarni qamal qila boshladi. Shuningdek, mamlakatning g‘arbiy hududida IShID ta'siridagi guruhlar faollashgan.

Top