22:22 / 23.06.2016
11324

Karimov: «O‘zbekiston Hindistonning ShHTga a'zo davlat bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda. 

Islom Karimov Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan suhbatda ushbu uchrashuv oliy darajadagi siyosiy muloqotlarning mantiqiy davomi, erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish va hamkorlikning istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta'kidladi. 

O‘zbekiston Hindiston bilan aloqalarga alohida ahamiyat qaratadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Keyingi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 2 barobar o‘sgan. 2015 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 320 million dollarni tashkil etgan. Mamlakatimizda Hindiston kapitali ishtirokida tuzilgan 100 dan ziyod korxona, ushbu mamlakatning 15 firma va kompaniyasi vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. 

Investitsiyaviy hamkorlik tobora kengayib bormoqda. Mamlakatimizda raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida «Minda Grupp» kompaniyasi bilan hamkorlikda yengil avtomobillar uchun spidometr, taxometr va turli elektron qurilmalar ishlab chiqarilmoqda. «Novafarm», «Ultra Hels Kear», «Vell Med Farm» kabi korxonalarda keng turdagi farmatsevtika mahsulotlari tayyorlanmoqda. 

Davlatlarimiz mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro hamkorligini mustahkamlab, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Prezident O‘zbekiston Hindistonning ShHTga a'zo davlat bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlashini, bu tashkilotning nufuzini yanada oshirishi hamda mintaqa xalqlari tinchligi va farovonligiga xizmat qilishini qayd etdi.

Narendra Modi samimiy uchrashuv uchun Prezidentimiz Islom Karimovga minnatdorlik bildirib, Hindiston O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

Top