19:28 / 24.06.2016
7865

Olimlar: Mars sayyorasida inson uchun xavfsiz sabzavot va don mahsulotlari yetishtirish mumkin

Hollandiyaning Vageningen universiteti olimlari Mars sayyorasi yuzasida inson uchun xavfsiz rediska, no‘xat, javdar va pomidorlar yetishtirish mumkinligini isbotlashdi. Bu haqida The Guardian gazetasi xabar qildi. 

Tadqiqot uchun olimlar NASA'da ishlab chiqilgan Mars sathiga monand tuproqdan foydalanishdi. Mutaxassislar 2013 yildan beri unda sabzavot va don mahsulotlarining o‘n xilini muvaffaqiyatli ravishda yetishtirishdi. So‘nggi sinov natijalariga ko‘ra, rediska, no‘xat, javdar va pomidorlar tarkibida inson sog‘lig‘i uchun xavfli miqdorda og‘ir metallar yo‘q. Qolgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, jumladan kartoshka ustida ulardagi kadmiy, mis va qo‘rg‘oshin miqdori inson hayotiga xavf solmasligini isbotlash uchun qo‘shimcha tadqiqot olib borish zarur. 

"Bu natijalar ko‘p narsani va'da qiladi. Biza haqiqatdan ham Marsda yetishtirilgan rediska, no‘xat, javdar va pomidorlarni iste'mol qilishimiz mumkin", - deydi loyiha ishtirokchisi ekolog Veger Vamelink. 

Mutaxassislarning fikricha, Marsga amalga oshiriladigan parvozlar yaqin o‘n yil ichida haqiqatga aylanadi. Olimlar u yerga otlanuvchilar ilk oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zlari bilan olishlari kerakligi, lekin keyinchalik kun ko‘rish uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlarini mustaqil ravishda yetishtirishga to‘g‘ri kelishini ta'kidlashdi. 

"Shu bois hozir iloji boricha ko‘proq tajriba o‘tkazish muhim", - deydi Vamelink.

Top