22:40 / 25.06.2016
9421

Qo‘lbola yasalgan juvoz orqali iste'molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarganlar jinoiy javobgarlikka tortildi

Fuqaro Botir Mamajonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam sodir etgan jinoyati uchun amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilgan edi. Biroq u bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan yana jinoyat yo‘liga kirdi. U xonadonining qurilishi tugallanmagan xonasiga qo‘lbola usulda yasalgan juvoz o‘rnatib, elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib chigitdan iste'mol uchun yaroqsiz bo‘lgan yog‘ mahsuloti ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda. 

Tadbir davomida Botir Mamajonovning xonadonidan 470 ming so‘mlik juvoz uskunasi, 360 ming so‘mlik texnik uskuna, 720 ming so‘mlik 150 litr juvoz yog‘i, 30 kilogramm kunjara va 70 kilogramm chigit xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Xuddi shundaylarning sirasiga Valibek Isirbekovni ham kiritishimiz mumkin. U ham o‘z xonadonida qo‘lbola yasalgan juvoz uskunasini o‘rnatib, elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, iste'mol uchun yaroqsiz bo‘lgan paxta yog‘ini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.

Top