18:55 / 26.06.2016
9776

Andijonda matbuotchilar kuni nishonlandi

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini xalqqa yetkazish, yangilanish, bunyodkorlik borasidagi ishlarni keng yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlarining munosib hissalari bor.

Ertaga, 27 iyun kuni O‘zbekistonda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘z kasb bayramlarini nishonlaydi. 

Andijonda ushbu sana oldidan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Bayram arafasida o‘quv yurtlari va jamoat tashkilotlarida taniqli yozuvchi va jurnalistlar uchrashuvlar, davra suhbatlari, soha xodimlari o‘rtasida sportning tennis va futbol turi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. 

Andjon viloyati matbuotida mustaqillik yillarida katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. 1991 yilgacha viloyatda 18ta gazeta chop etilar edi. Hozirda ularning soni 40taga yetgan.

Bosma nashrlar sifatini oshirishga ham katta e'tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili “Andijon nashriyot-matbaa” jamiyatiga 280 ming dollar qiymatidagi zamonaviy dastgoh keltirilib, ishga tushirildi. Andijonda bugungi kunda 3ta teleradiokompaniya ishlab turibdi. Ular safiga “Diydor” mustaqil tijorat radiosi ham qo‘shildi. 

Keyingi 11 yil ichida andijonlik 11 nafar jurnalist “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun o‘tkazilgan xalqaro tanlovning g‘olib va sovrindori bo‘ldi.    

26 iyun kuni Andijon shahrida  bayram munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Matbuotchilarni tabriklash uchun so‘z olgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov yig‘ilganlarni qutlab, o‘z kasbini sidqidildan ardoqlab kelayotgan bir guruh jurnalist, matbaa xodimlari va matbuot tarqatuvchilarga viloyat hokimining faxriy yorliqlarini topshirdi.

Matbuotchilar yozilgan to‘kin dasturxon ustida suhbatlashib hordiq chiqarishdi. Viloyatning taniqli san'atkorlari tomonidan aytilgan sho‘x qo‘shiqlar davraga fayz kiritdi. 

 

Elmurod Ermatov, Andijondan “Kun.uz” sayti uchun maxsus tayyorladi

Top