18:21 / 26.06.2016
10948

“Shayx Zayniddin” jome masjidida Qur'oni karim xatmonasi yakunlandi

Xabaringiz bor, mamlakatimizdagi ko‘plab jome masjidlar qatori Shayxontohur tumanidagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida ham taroveh namozlari boshlangan edi. Kecha 25 iyun kuni taroveh namozida boshlangan Qur'oni Karim tilovati yakuniga yetkazildi.

Marosimda 10 mingdan ortiq namozxon ishtirok etdi. Xatmonada bir qator diniy ulamolar, ustozlar, murattab qorilar va imom domlalar ishtirok etishdi. Xususan, Toshkent shahar bosh imom xatibi, ustoz Anvar qori Tursunov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi din ishlar bo‘yicha qo‘mita mutaxassisi, ustoz Muhammad Bobur Yo‘ldosh domla tashrif buyurib, o‘zlarining ibratli nasihatlari bilan jamoatni xushnud etishdi.

Xatmonaning so‘nggi tasbehidan avval namozxonlarga ustoz Anvar qori Tursunov ma'ruza qildi. Ma'ruzada tinchlik, uni asrash, bugungi osoyishta va farovon kunlra shukronasi, yoshlarning ilm olishi va o‘zaro mehr-oqibat masalalariga to‘xtaldi va duoi xayrlar qildi.

Xatmona yakunida Toshkent shahar Shayxontohur tuman bosh imom - xatibi, “Shayx Zayniddin” jome masjid imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li tomonidan yurtimiz tinchligi va elimiz farovonligi hamda duotalab namozxonlar xaqqiga duoi fotihalar qilindi. 

Ta'kidlash keraki, “Shayx Zayniddin” jome masjidida davlatimiz rahbarining Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori asosida tashkil etilgan mazkur tadbirlar Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li boshchiligida yuksak saviyada olib borilmoqda. Xalqimiz Qur'oni karim xatmonasini xotirjamlik bilan ado etib, yaratilgan shart - sharoitdan benihoya mamnun bo‘ldi. 

“Shayx Zayniddin” jome masjidida taroveh namozlari davom etmoqda.

“Shayx Zayniddin” jome masjidi matbuot xizmati

Top