14:03 / 27.06.2016
30734

Oliy harbiy bojxona instituti bitiruvchilarga diplomlar topshirildi

Davlat bojxona qo‘mitasining Oliy harbiy bojxona institutida ushbu ta'lim dargohini joriy yilda tugallayotgan bitiruvchilarga diplomlar topshirish marosimi o‘tkazildi. Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Davlat bojxona qo‘mitasi Rahbariyati, bojxona faxriylari, keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, ota-onalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar. 

2003 yil 22 mayda aynan bojxona organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida, prezident Islom Karimovning tashabbusi bilan Soliq va bojxona akademiyasining  “Bojxona ishi” fakulteti hamda DBQ Bojxona kolleji negizida – Davlat bojxona qo‘mitasining Oliy harbiy bojxona instituti  tashkil etildi. 
  

Mazkur oliy o‘quv yurtining barpo etilishi mamlakatning yuqori malakali oliy ma'lumotli bojxona kadrlarini maqsadli bazaviy tayyorlash tizimida muhim bo‘g‘in bo‘ldi. Bugungi kunda Institutda 2 ta fakultet va ularning tarkibida 11 ta kafedra hamda mustaqil bo‘lim va bo‘linmalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 

Shu bilan birga, tinglovchilarga bojxona organlari faoliyatiga joriy etilgan yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari (YaAAT), Butunjahon bojxona tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Xalqaro savdoni engillashtirishning xavfsizlik standartlari”, xavfni baholash va boshqarish tizimi, radiatsion portal monitorlardan foydalanish va boshqa bir qator dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha maxsus kurslar o‘tkazildi.
 
Malakali professor-o‘qituvchilar va instruktorlar ko‘magida tinglovchilar avtomobil boshqarish sir-asrorlarini puxta o‘rganib, “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ham ega bo‘ldilar. 

Institutda o‘q otar qurollardan otish uchun mo‘ljallangan tir mavjud bo‘lib, unda to‘pponchadan amaliy otish mashg‘ulotlari olib boriladi. Zamonaviy «KORUND» elektron otish moslamasi esa tinglovchilarning o‘qotar qurollardan otish bo‘yicha mahoratini yanada oshirishga ko‘mak beradi.

 “Bojxona ishi” va “Bojxona huquqi” mutaxasisliklari bo‘yicha  institutda tahsil olgan bu yilgi bitiruvchilar institutdan sharafli va ma'suliyatli xizmat faoliyatiga uchirma qilinayotgan o‘ninchi qaldirg‘ochlardir.

Bitiruvchilarni kuzatish marosimi bir guruh san'atkorlar ishtirokidagi tantanali bayram dasturiga ulanib ketdi.

Top