18:40 / 28.06.2016
20281

Muallim birovning ustidan kulish nimaga olib kelishini bolalarga tushuntirishning ajoyib yo‘lini topdi

Bugun men darslarga ikkita chiroyli qizil olma bilan keldim. Bolalar buni ko‘rishmadi, olmalardan birini qayta-qayta polga otdim, ko‘rinishidan ikkala olma ham bir xil edi. 

Men polga tashlangan olmani qo‘limga olib, uning naqadar xunukligi - qiyshiqligi, rangining sovuqligi haqida gapira boshladim. Keyin bolalardan menga qo‘shilib, olmani yomonlashni so‘radim. Uni har nima deb haqorat qildik: "Sassiq olma", "Seni kim ham yegisi kelardi" va h.k. 

Ikkinchi olmani qo‘limga oldim va uni maqtay boshladik: "Sen ajoyib olmasan", "Sening po‘chog‘ing ham havas qilgudek", "Ranging naqadar chiroyli" va h.k.

Shundan so‘ng bolalarga ikkala olmani ham ko‘rsatdim - ularni tashqi ko‘rinishidan ajratib bo‘lmasdi. Biroq men pichoq bilan ikkala mevani ikki bo‘lakka ajratdim: birining ichi tekis, chiroyli; yomon so‘zlar bilan haqorat qilingan ikkinchi olmaning ichi esa dog‘larga to‘la edi. 

O‘ylashimcha, shu payt bolalarning miyasida birdaniga "chiroqlar yoqilgan".

Hayotda ham xuddi shunday: insonlarni haqorat qilib, ularga yomon gaplar gapirsak, ularning qalbiga og‘riq va ozor yetkazamiz - xuddi olmadagi dog‘lar kabi. Ko‘p insonlar ana shunday adolatsizlikka duch kelib, ko‘ngillaridan nimalar o‘tayotganini ko‘rsatishmaydi. Inson tashqi ko‘rinishidan baxtli va quvnoq bo‘lishi mumkin, biroq ichida kimlardir bergan ozor tufayli juda ko‘p og‘riqlari bo‘ladi. 

Bizda buni to‘g‘rilash imkoni bor. Biz o‘z farzandlarimizga qabih va ozor yetkazuvchi so‘zlarning qanday zarar yetkazishini ko‘rsatib bera olamiz. Biz farzandlarimizga bir-birini himoya qilishni, mehrli bo‘lishni o‘rgata olamiz. So‘z bilan urib bo‘lmas, ehtimol, biroq u bilan yurakni jarohatlash oson. Shunday ekan, gapirayotgan gapingizni o‘ylab gapiring va birovning diliga ozor yetkazmang! Farzandlaringizga ham shuni o‘rgating!
 

Top