12:46 / 30.06.2016
22751

Islom Karimov: Sobiq tuzum davrida O‘zbekiston yarim mustamlaka respublika edi

Sobiq Ittifoq vaqtida O‘zbekiston yarim mustamlaka, mustaqil boshqaruv, rejalashtirish idorasi yo‘q bo‘lgan respublika edi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Oliy Majlis deputatlari qarshisida qilgan nutqida aytib o‘tgan.

Islom Karimov Xitoy Xalq respublikasi raisi Si Jinping bilan birgalikda uning 21-22 iyun kunlari O‘zbekistonga tashrifi davomida parlamentda chiqish qildi. Ikki prezidentning ham nutqi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan.

«Bu haqda gapirganda, bir haqiqatni alohida ta'kidlash o‘rinlidir. Mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ygan dastlabki yillarda bizga hech kim chetdan kelib yordam bergani yo‘q. Agar 25 yil oldingi tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yurtimiz qanday og‘ir ahvolga tushib qolgani yaqqol ayon bo‘ladi. Bizga eski mustabid tuzumdan biryoqlama rivojlangan, paxta monopoliyasi avj olgan, asosan xomashyo yetkazib berishga moslashgan zaif va nochor iqtisodiyot meros bo‘lib qolgan edi. Paxtani o‘zimiz yetishtirar edig-u, lekin uning narxi amalda qancha ekanini bilmas edik. Uni faqat xomashyo sifatida bilardik, xolos. Qayta ishlangan paxta sobiq Markazga ketar, uni chetga sotish bilan ham faqat Markaz shug‘ullanar edi.

Tasavvur qilasizmi, men o‘sha paytda respublika moliya vaziri bo‘la turib oltin qazib olish bo‘yicha SSSRda ikkinchi o‘rinda turadigan O‘zbekistonda oltinning bahosi qancha ekanini aniq bilmas edim. Yurtimiz zaminidan katta hajmda qazib olingan turli nodir metallar, uran va boshqa strategik tovarlar haqida ham bizda hech qanday ma'lumot yo‘q edi. Muxtasar aytganda, sobiq tuzum davrida O‘zbekiston yarim mustamlaka darajasidagi respublika edi. Eng yomoni, o‘sha paytda yurtimizning o‘zida bironta ham mustaqil boshqaruv, rejalashtirish idorasi yo‘q edi. Biz hatto soliqni qanday yig‘ish, davlat xazinasini qanday to‘ldirish, odamlarni qanday boqish kerakligini ham bilmas edik. Mustaqillik arafasida 20 milliondan ortiq aholimizni boqish uchun yurtimizda bor-yo‘g‘i 15 kunga yetadigan un va bug‘doy zaxirasi qolgan edi, xolos. Bularning barchasi O‘zbekiston qanday og‘ir ahvolda, deyarli jar yoqasiga kelib qolganini ko‘rsatadi.

Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Ana shunday o‘ta qaltis bir vaziyatda bizga kim yordam berdi? O‘zbek xalqi do‘st kulfatda bilinishini hech qachon unutmaydi. Xitoy xalqida ham, o‘zbek xalqida ham do‘st kulfatda, ya'ni og‘ir vaqtda yordam qo‘lini cho‘zishi haqida maqollar bor. Tilda bir gapni aytib, dilida boshqa narsani o‘ylaydigan, amalda esa mutlaqo boshqa ishni qiladiganlarni albatta do‘st deb bo‘lmaydi», degan prezident.

Top