14:11 / 01.07.2016
6972

Povetkin The Ring jurnali reytingidan chiqarildi

Rossiyalik o‘ta og‘ir vaznli bokschi Aleksandr Povetkin Amerikaning boks olamidagi obro‘li jurnali The Ring reytingidan chiqarib yuborildi. Bundan avval, jurnalning o‘ta og‘ir vazn toifasidagi bokschilar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallab turgan rossiyalik sportchining yangilangan ro‘yxatda ismi-sharifi keltirilmagan. 

Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida Povetkin WBC tasnifi bo‘yicha jahon chempioni Deontey Uaylder bilan ringga tushishi kerak edi. Biroq, uning doping tekshiruvi 2016 yil 1 yanvaridan taqiqlangan meldoniyga ijobiy natija bergandi. Shundan so‘ng, uning Uaylder bilan jangi qoldirildi. 

Shu kunlarda, tashkilot majlisi bo‘lib o‘tib, unda Povetkin va uning vakillari o‘z qarashlarini bildirishdi. Aleksandrning advokatlari, bokschining aybsizligini ta'kidlab, o‘ta og‘ir vaznda WBC tasnifi bo‘yicha jahon chempioni Uaylder bilan jangni qayta tashkil etishni talab qilishgan. WBC Povetkin ishi bo‘yicha yakuniy qarorni 12 iyul kuni e'lon qilishini ma'lum qilgan. 

Top