15:52 / 02.07.2016
32549

Sehrli kecha sharofati: umidlar ushalgan kun

1. − Xudo xayringizni bersin, bir xamirlik un olib keling, ro‘zamizni qizlar bilan nonsiz, yarim kosadan sut ichib tutdik. Iftorlikka non qilay, un topib keling!

− Tutgan ro‘zangni menga minnat qilma! Tutgan bo‘lsang, o‘zing uchun tutibsan. Siz ro‘za emassiz, demoqchisan-da? 

− Hech ham unday demoqchi emasman, dadasi, bir kun insof bersa, ro‘zani ham tutarsiz, namozni ham o‘qirsiz, el qatori masjidga ham chiqarsiz, − dedi ishga borish uchun kitob-daftarlari solingan sumkasini qo‘liga olgan Muqaddas. – Ishdan kelgunimcha un olib kelsangiz, non yopardim, biror xamir ovqat ham qilardim. Qizlar nonsiz ro‘za tutishayapti, charchab qolishmasin, deyman-da.

− Charchasa, tutmasin! – o‘shqirdi Ro‘ziboy. – Kim qo‘yibdi mushtdek qizlaringga ro‘za tutishni? Hov, oltmishga kirsa, tutadi hali.

− O‘zingiz ro‘za oyida tug‘ilganingiz uchun ismingizi Ro‘ziboy qo‘yishgan-u, bu oyning hurmatini qilmaysiz-da, dadasi, − dedi Muqaddas eshikdan chiqar ekan. – Oltmishgacha kim bor, kim yo‘q. Oltmishdan oshasan degan hujjatingiz bormi yoki?

− Sen gapga o‘qigansan, bor, ishingga jo‘na, boshimni og‘ritib yubording! – dedi Ro‘ziboy yuziga ko‘rpani tortib. – Men picha mizg‘ib olay, boshim og‘riyapti.

− Ramazon demay, ro‘za demay, tong otguncha ulfatlar bilan aroqxo‘rlik qilgan odamning boshi tarsillab yorilib ketmaganiga men hayron, − dedi Muqaddas darvozaga qarab yurarkan.

Ro‘ziboy uning so‘zlarini eshitmaslik uchun ko‘rpaga burkanib oldi.

2.Muqaddas maktabdan kelib, eng avval erini surishtirdi:

− Farangiz, dadang kelmadimi?

− Peshingacha uxladilar, − javob berdi Farangiz. – So‘ng turib, yeyishga bir nima topolmay, so‘kinib chiqib ketdilar.

− Iftorlikka nima qilamiz, aya? – so‘radi Mehrangiz. – Uyda hech nima yo‘q.

− Bilaman, sen ham yuragimni ezma, − dedi Muqaddas. – Shu bugun oyligimizni berishar, degandim, afsus, keyingi haftada ham oylik bo‘lmas emish. Nima qilsak ekan?

− Tog‘amdan yordam so‘rasak-chi, aya? – dedi Farangiz.

− Uyat, qizim, tog‘ang bo‘lsa ham bir beradi, ikki beradi, uning ham bir etak bolasi bor, − dedi Muqaddas. – Shusiz ham ikki-uch marta pul so‘rab bordilaring. Endi uyalaman. Dadang kelsin-chi, tayinlagandim, un olib kelar. Olib kelsa, non ham yopamiz, biror ovqat ham qilarmiz. 

Tushdan keyin o‘qiydigan Sarvara chopib hovliga kirdi: 
− Dadam kelayaptilar, − dedi hovliqib. – Ammo gandiraklab kelayaptilar.

Gandiraklab kelgani ham mayli, ichkariga kirib, ko‘ziga ko‘ringan chelak bormi, tog‘ora bormi, daranglatib, tepib keldi, Ro‘ziboy.

− Ha, nima? – hiqqilladi Ro‘ziboy. – Nega ko‘zingni olaytirasan? Ha, ichdim. Jo‘ralar qo‘ymadi, ichdim-da. 

− Uyalmaysizmi? – dedi Muqaddas. – Axir bugun eng ulug‘ kecha – Laylatul qadr. Odamlar bu tunni yil davomida intiq kutadi. Tayyorlanadi. Sizning ahvolingizni qarang!

− O‘sha tillo laylagingni o‘zing ushlab olaver! – ko‘zini yirib qaradi Ro‘ziboy. – Men tillongdan ham, laylagingdan ham bezorman!

− Ha, sizga aroq bo‘lsa, aroqxo‘r jo‘ralaringiz bo‘lsa, bo‘lgani, − dedi Muqaddas. – Bir xamirlik un so‘ragan edim, noinsof?

− Unga pul yo‘q, − dedi o‘z xonasiga yo‘l olgan Ro‘ziboy.

− Aroqqa pul bor-u, unga pul topilmaydi-ya? – o‘tirib qoldi Muqaddas. – Yer yutsin o‘sha aroqni! Yergina yutsin o‘sha aroq sotadigan do‘konni! Yer yutmasa rozi emasman, o‘sha aroqni ishlab chiqarganni-yu, uni sotganni ham!

Muqaddas qizlariga nima deyishni bilmay, hademay, iftorlik chog‘ida nima yedirishni bilmay, ilojsizlikdan, xorlikdan izillab yig‘lab yubordi.

− Ayajon, yig‘lamang! – uni quchoqlab oldi Farangiz. – Bu kunlar ham o‘tib ketar.

− Qachon? Qachon o‘tib ketadi, qizim? – battar uvvos tortdi Muqaddas. – O‘tib ketar, o‘tib ketar, deb qirqqa kirdim, qizim. Bu dadangga insof berar, insof berar, deb shu piyonista bilan o‘n sakkiz yillik umrimni xazon qildim. Bu nima ahvol? Shunday ulug‘ kechada, hammangiz intiq kutgan kechada uyimizda bir burda non bo‘lmasa? Bir so‘m pul bo‘lmasa.

− Ayajon, menda pul bor, − dedi Sarvara. – Mana, maktabdan kelayotganimda tog‘am berdilar. Besh ming so‘m.

− Menda ham ming so‘m bor, − dedi Farangiz cho‘ntagini kavlab.

− Menda besh yuz so‘m bor, − dedi ayasiga pul uzatgan Mehrangiz.

− Eh-he, boy bo‘lib ketibmiz-ku? – ayanchli tabassum qildi Muqaddas. – Bozorni ko‘chirib kelsak bo‘ladi bu pulga. Anora senda ham pul bordir?

− I'-i', − dedi hali bog‘chaga boradigan Anora. – Dadam menga pul beymadila.

3.Muqaddas hammasi bo‘lib o‘n ming so‘mga bormaydigan “xazina”sini mahkam changallab, bozor aylandi. Ikkita nonning o‘zi uch ming so‘m bo‘ldi. Qolgan pulga beshoviga beshta “Rolton” olmoqchi ham bo‘ldi. “Rolton” o‘lgur bir marta yeyishga yetadi, sabzavot olsam, ikki-uch marta ovqat qilaman”, deb o‘ylab, sabzavotlar sotiladigan peshtaxtalarga qarab burildi.

− Kartoshka necha pul? – so‘radi sotuvchidan.

− Bir yarim ming so‘mdan, − javob berdi sotuvchi.

− Manavi, maydalari-chi? – iymanibgina so‘radi Muqaddas.

− Maydasi ming so‘mdan.

− Sabzilar necha puldan, piyoz-chi?

− Sabzi, piyozlarning ham maydasining narxini aytaveraymi? – dedi sotuvchi chimirilib. 

Muqaddas o‘zining ahvolidan o‘zining xo‘rligi keldi.
− Kerak emas! – nari ketdi Muqaddas.
Bir necha sabzovot sotuvchilardan narx-navoni surishtirib, bozordagi eng mayda kartoshka, piyoz, sabzilardan ikki kilodan sotib oldi. Qarasa, besh yuz so‘m ortib ham qolibdi. Anoraga bitta muzqaymoq ham oldi.

4.− Ana, bugun qanday kun ekanini bilasizlar-ku? – dedi hovliga kirib kelgan Muqaddas. – Bugun hamma narsaga baraka ingan. Sizlar yig‘ib bergan pulda ham baraka bor ekan, qaranglar, shu-uncha narsa olib keldim. Anoraga muzqaymoq ham oldim.
− Uy-yye! – deb yubordi Anora.

− Ma, maza qilib yeb ol! – muzqaymoqni qizchasiga uzatdi Muqaddas. – Bizlar endi iftorlikkacha sabr qilamiz.

Muqaddas qo‘lidagi sabzovot solingan sumkani Farangizga tutqazdi.

− Qizim, Mehrangiz ikkalangiz kartoshka, sabzilarni yuvib, artinglar, go‘shtsiz bo‘lsa ham o‘zim sizlarga bi-ir sho‘rva qilib beray.
Qizlar sabzavotlarni yuvib, artishdi. Muqaddas qozon osdi. 

Iftorlik dasturxoni kamtarona bo‘lsa-da,  Muqaddas bilan qizlarining kayfiyatlari yaxshi edi. Ular bugungi iftorlik lahzalarini necha kundan beri intiq kutishardi. Muqaddas qizlariga “Qadr kechasi” nima niyatlaring bo‘lsa, aytinglar, hammasi ijobat bo‘ladi”,  deb o‘rgatgani uchun qizlari bor niyatlarini iftorlik chog‘i aytamiz, deb tayyorlanib yurishardi.

Nihoyat, iftorlik payti ham yetib keldi. Bir piyola suvni oldiga qo‘ygan Muqaddas qo‘llarini duoga ochdi:
− Allohim, mayli, o‘g‘il bermading, endi qizlarimning baxtini ber! Yaxshi joylardan iymon, insofli kuyovlarni ato et! Iloyo, qizlarimni mendek xor qilib qo‘yma! Ular xorlikni ko‘rmasin!

− Iloyo, ayajonimning umrini uzun qil! – duo qildi Farangiz. – Dadamizga insof ber!

− Iloyo, xonadonimizga baraka ber, − duo qildi Mehrangiz. – Totuvlikni ber!

− Iloyo, ayajonimning ham pullari ko‘p bo‘lib ketsin! – bu Sarvaraning duosi edi.

− Sen ham duo qil! – dedi Farangiz Anoraga.

− Moyojna ko‘p bo‘sin! – dedi Anora.

− Hammamizga yetsin, de, − kuldi Muqaddas.

Iftorlik qilishdi. Muqaddas Farangiz va Mehrangiz bilan birga shom namozini o‘qib, uzoq duo qildi. Yig‘lab-yig‘lab duo qildi. So‘ng o‘rnidan turib, ko‘zlarini artdi-da, Farangizga o‘girildi.

− Bor, dadangni ham uyg‘otib chiq, ovqatni suzamiz!

Muqaddas hammaga ovqat suzdi. Ro‘ziboy ham pishillab chiqib, dasturxon atrofiga o‘tirdi. Kosani qoshiq bilan bir-ikki kavlab ko‘rib, aftini jiyirdi.
− Go‘shti yo‘q-ku? Shuyam sho‘rvami endi?

Ro‘ziboy qoshiqni zarda bilan dasturxonga tashladi-da, o‘rnidan turib, yana ko‘chaga chiqib ketdi.

5.Muqaddas qizlari bilan birga xufton namozini ham o‘qidi. Sarvara bilan Anorani o‘rniga yotqizib, ular uxlagach, yana joynamozini to‘shadi. Ikki rakaat nafl namoz o‘qidi. Ikki tarafga salom berib, qarasa, Farangiz bilan Mehrangiz ham uning ortida joynamoz ustida o‘tirishibdi.

− O‘zingga shukur, shunday aqlli qizlarni berib qo‘yganingga ham shukur! – pichirladi Muqaddas.

“Tafsiri hilol” kitobini olib kelib, biror soatcha kitob o‘qidi. Qizlari diqqat bilan quloq solishdi. 

− Agar uyqularing kelsa, sizlar yotib uxlanglar, − dedi Muqaddas qizlariga. – Bilasizlar, men bu kecha uxlamayman. Bu kecha sir-sinoatlarga to‘la kecha. Bugun uxlamay, ibodat qilib chiqqan, kitob o‘qib, duo qilib chiqqan bandasiga Alloh barcha tilaganlarini beradi. “Bu kechada sizlar so‘rab, charchab ketasizlar, ammo men berib, charchamayman”, der ekan. Mening O‘zidan so‘raydiganlarim bor.
− Ayajon, bizlarning ham so‘raydiganlarimiz bor, − dedi Farangiz. – Bu kecha biz ham sizning yoningizda uxlamasdan tong ottiramiz. Zora, oilamizga yaxshi kunlar kelsa.
− Aylanay o‘zimning aqlli qizlarimdan, − qizlarining boshini siypaladi Muqaddas. – kelinglar, bo‘lmasa, birgalashib, duo qilamiz!

− Faqat yig‘lamasdan duo qiling-da, ayajon, − dedi Mehrangiz. – Yig‘lasangiz, bizlar ham xafa bo‘lib qolamiz.

− Yo‘q, bu kecha yig‘lamayman, − dedi Muqaddas. – Bu kecha sizlarning haqingizga duo qilaman.

Muqaddas duoga qo‘l ochdi. Unga qizlari ham qo‘shildi.

− Allohim, Farangiz qizim bu yil universitetga kirmoqchi, omadini ber! O‘zimdek sidqidildan xalqqa xizmat qiladigan o‘qituvchi bo‘lsin! Mehrangiz litseyga kiradi. Uning ham o‘qishlariga omad ber! Litseyda yaxshi o‘qib, kelajakda u ham oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirsin! U ham elimizga, yurtimizga nafi tegadigan inson bo‘lsin! Allohim, Sarvara qizim ham maktabda a'lochi. Uning ham o‘qishlariga omad ber! U ham opalarining ortidan borib, maktabni a'lo baholarga bitirib, yaxshi inson bo‘lsin! Allohim, Anora qizimni o‘z panohingda saqla, sog‘-salomat katta bo‘lishini nasib et! Allohim, bolalarimning dadasiga ham insof ber! Ichishni tashlab, boshqalardek, namoz-niyozni o‘rgansin! O‘zingga ibodat qilishni o‘rgansin! Ichmasa, qo‘lida guldek hunari bor, bilmadim, qaysi go‘rdan orttirdi bu aroqxo‘r ulfatlarni? O‘zing xo‘jayinimni yomonlardan yiroq qil! Yaxshilarga yondashtirgin!

6.Tun yarmidan oqqanda kitob o‘qib, ibratli hikoyalarni bir-biriga so‘zlab o‘tirgan ona-bolalarning tinchini hovlida nimningdir daranglatib tepilgan ovozi buzdi.

− Dadang keldi, shekilli, men chiqib qarayman, − dedi Muqaddas. – Sizlar o‘z ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘linglar, chalg‘imanglar. Farangiz sen “Qadr” surasini singlingga yana bir marta o‘qib berib, ma'nolarini tushuntirib ber. Men ungacha dadangni o‘rniga yotqizib kelaman.

Muqaddas shoshib hovliga chiqdi. Eshik oldida chayqalib turgan erini ko‘rib, kayfiyati buzildi.

− Voy-voy-yey, nima baloni ichib keldingiz, dadasi, hidiga toqat qilib bo‘lmaydi-ku? – dedi Muqaddas kaftini silkitarkan, burni oldidan badbo‘y hidni bo‘lib.

− Sening ishing bo‘lmasin! – dedi Ro‘ziboy g‘o‘ldirab. – Samandar qo‘lbola vino qilgan ekan, shuni ichdik.

− Qadr kechasi-ya, dadasi, Qadr kechasi, − erini suyab, ichkariga boshladi Muqaddas. – Butun dunyoda musulmonlar bu tunni bedor bo‘lib, ibodat bilan, duo bilan o‘tkazishayapti. Sizning yurishingizni qarang?

− Biz ham uxlaganimiz yo‘q-ku? – pixilladi Ro‘ziboy. – Vino tugab qolmasa, biz ham ertalabgacha o‘tirardik.

− Siz bilan gaplashib odam baraka topmaydi, − dedi Muqaddas Ro‘ziboyni o‘rniga yotqizib. – Ertalabgacha ichib chiqqandan ko‘ra, uxlaganingiz ham yaxshi, gunohingiz kamroq bo‘ladi. Yotib uxlang!

− Bu yoqqa kel! – Ro‘ziboy Muqaddasning ko‘ylagi etagidan tortdi. – Istasang, uxlamay chiqishimiz mumkin.

− Bas qiling! – dedi Muqaddas qahr bilan. – Qizlar Qur'on o‘qib o‘tirishibdi. Siz o‘z qizlaringizdan o‘rnak olsangiz yaxshi bo‘lardi. 

− Bor, bor, ibodat qil! – pishqirdi Ro‘ziboy. – O‘zingga bitta o‘g‘il ham so‘ra!

Muqaddas bir nimalar demoqchi bo‘lib, biroz tikilib turdi-yu, “Odamning har balo bo‘lgani yaxshi”, deb xonadan chiqib ketdi.

7.Bomdodni o‘qiganlaridan so‘ng, bugun yakshanba bo‘lganidan biroz uxlab olish uchun yotgan Muqaddas choshgohgacha uxlab qolibdi. Turib, yuz-qo‘lini yuvib, qizlarini axtardi. Ularning ovozi oshxonadan kelayotganini sezib, shu yoqqa qarab yurdi.

Oshxonaga kirib, hayratdan og‘zi ochilib qoldi. Farangiz va Mehrangiz qiymalagichdan go‘sht chiqarib, chuchvara bukishar, Sarvara sarxil mevalarni kattakon idishga terish bilan band edi. Burchakda bir qop katta-katta kartoshka, bir qop tilloday tovlanib turgan piyoz, bir qop sabzi, bir necha qutilarda sarxil mevalar, to‘rtta besh litrlik idishda kungaboqar yog‘i turardi. Stol ustida besh kilocha keladigan lahm go‘sht yotardi.

− Tushimmi o‘ngimmi? – dedi yubordi Muqaddas. – Buncha narsa qayerdan keldi?

− Siz sovutgichni ochib qarang! – dedi Sarvara.

Muqaddas sovutgichni ochib, dod deb yuborishiga ozgina qoldi. U sovutgichlari oxirgi marta qachon hozirgidek to‘la bo‘lganini unutib ham yuborgan edi. Sovutgich tokchalarida saryog‘, pishloqlar, tuxumlar, shirinliklar, har xil idishdagi sharbatlar, salqin ichimliklar terilib turardi. Bitta tokchasi esa to‘la muzqaymoq edi...

− Birontang tushuntirib bersang-chi! – dedi stulga o‘tirib qolgan Muqaddas. – Hozir mening esim og‘ib qoladi.
Farangiz bitta xatni olib, Muqaddasning qo‘liga tutqazdi.

− Ayajon, kechasi bilan qilgan duolaringiz ijobat bo‘ldi, − dedi Farangiz. − Bitta kattakon yuk mashinada bu narsalarni olib kelgan amakilarning o‘zlari bularni oshxonamizga joylashtirib ketishdi. Bitta yelimxaltaning ichida ko‘p pul bilan shu xat ham bor ekan.

− Ayniqsa, Anoraning duosi mustajob bo‘libdi-da, − dedi Muqaddas ma'yus bo‘lib va xatni ochib, o‘qiy boshladi: − “Assalomu alaykum, ustoz. Men sizning ilk o‘qitgan shogirdlaringizdan biriman. Siz bergan ta'lim-tarbiyangizning sharofati bilan bugun katta bir korxonaning rahbariman. Kecha “Qadr kechasi” bo‘lgani uchun bir yillik zakotimni o‘z yaqinlarimdan kimgadir berish uchun kelgan edim. Bozorga kirib, tasodifan sizni ko‘rib qoldim. Qanday bozorlik qilayotganingizni ko‘rib, yuragim ezilib ketdi. Ustoz, meni kechiring! Men sizning ahvolingizdan xabardor bo‘lmaganim uchun kechiring! Ammo sizni ko‘rganim yaxshi bo‘ldi. Zakotimni kimga berishni Alloh menga ko‘rsatdi. Ushbu narsalarni bir shogirdingizning zakoti o‘rnida qabul qiling! O‘tinaman, vaqtida sizdan xabar olmagan shogirdingizni kechiring!”

Muqaddasning yuzlarini ko‘z yoshlari yuvib tushardi.

− O‘zingga shukur, Allohim, o‘zingga shukur! – pichirladi Muqaddas. – Mening o‘g‘lim yo‘q emas. Mening o‘g‘illarim ko‘p. Juda ham ko‘p!
Tamom.

 

P.S: Ushbu hikoya Qadriyat.uz sayti tomonidan e'lon qilingan "Eng ibratli hikoyalar" tanloviga yuborilgan. Muallif: Karimberdi To‘ramurodov.

Top