18:08 / 03.07.2016
10418

Hektor: Penalti tepishga to‘g‘ri kelishini kutmagandim. Zarba berishdan oldin tizzalarim qaltirayotgandi

Germaniya terma jamoasi himoyachisi, Yevropa chempionati chorak finalida Italiyaga qarshi o‘yindan keyin penaltilar seriyasi vaqtida g‘alaba keltirgan zarbani ijro etgan Yonas Hektor ungacha navbat yetib kelishini kutmagani haqida aytib o‘tdi.

«Penalti tepishimga to‘g‘ri kelar deb o‘ylamagandim. Men navbat bo‘yicha to‘qqizinchi edim. Navbatim kelganida nuqtaga borishdan o‘zga choram qolmagandi.

Men o‘zimga-o‘zim buni uddalay olishimni aytib, pichirlay boshladim. To‘pga tomon borar ekanman, qaysi tomonga tepishni belgilab oldim.

Tizzalarim qaltirayotgandi. Omadim bor ekan, to‘p darvozaga kirdi. Qaysi biri yaxshi, o‘yinning asosiy vaqtida g‘alabani naqd qilishmi yoki shunday hayajonli pallalardan keyinmi, buni aniq ayta olmayman. Hozir biz yoqimli hislar og‘ushidamiz», – degan Hektor.

Eslatib o‘tamiz, kecha Germaniya va Italiya o‘rtasidagi uchrashuvning asosiy vaqtida va qo‘shimcha bo‘limlarda g‘olib aniqlanmaganch, penaltilar seriyasi boshlandi va unda tomonlar 9 martadan zarba ijro etishdi. Italiya darvozaboni Janluiji Buffon barcha zarbalarning yo‘nalishini aniq topdi, lekin faqat 3tasini qaytardi. Italiya vakili Darmian to‘qqizinchi bo‘lib zarba berganida nemislar darvozaboni Manuel Noyyer aniq harakat qildi. Nemislar tomonidan to‘qqizinchi bo‘lib zarba bergan Hektorning harakatini ham Buffon oldindan payqadi, lekin to‘p uning qo‘llari orasidan o‘tib ketdi. Natijada Germaniya 6:5 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi.

Top