17:03 / 03.07.2016
10216

Erdo‘g‘an suriyalik qochqinlarga Turkiya fuqaroligini taklif etdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an suriyalik qochqinlarga fuqarolik taqdim etishga tayyorligini ma'lum qildi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar tarqatgan.

«Orangizda Turkiya fuqarosiga aylanishga qarshi emaslar bor deb o‘ylayman. Turkiya IIV bu yo‘nalishda navbatdagi qadamni tashlaydi. Biz suriyalik birodarlarimizga fuqarolik berishga tayyormiz», — degan u.

Erdo‘g‘anning aniqlik kiritishicha, Turkiya Suriya masalasida 6 yil oldingi pozitsiyasida qolishini ma'lum qilgan. U Suriyadagi siyosiy beqarorlikda mamlakat prezidenti Bashar Asadni ayblashda davom etgan.

«Suriya tepasida turgan hukmdor mamlakatni jar yoqasiga olib keldi. 600 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan inson mamlakatni boshqarishda davom etmasligi kerak», — degan u.

Turkiyada ayni paytda 2,7 million qochqin istiqomat qilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, yuz minglab noqonuniy yashayotgan va ishlayotgan muhojirlar ham bor. Muxolifatga ko‘ra, Erdo‘g‘anning qarori hukmron partiyaga 3 milliongacha yangi ovozlarni olib kelishi va 2019 yilgi saylovlar natijasini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Bundan oldinroq, Turkiya Rossiya bilan munosabatlari yaxshilanishi ortidan Suriya bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkinligi haqida xabar qilingandi.

Top