11:01 / 04.07.2016
8838

AQSh 240-marta Mustaqillik kunini nishonlamoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlari 4 iyul kuni o‘zining asosiy umummilliy bayrami - Mustaqillik bayramini nishonlamoqda. Bu yil Amerika Britaniya hukmronligidan ozod bo‘lganiga 240 yil to‘ldi. 

AQSh poytaxti markazida an'anaga ko‘ra, tarix va vatanparvarlik ruhidagi bir qator tadbirlar amalga oshiriladi. Kunning yarmida Vashingtonning markaziy avenyusida har yili o‘tkaziladigan ikki soatlik parad namoyishi bo‘lib o‘tadi. Ko‘plab orkestrlar, harbiy bo‘linmalar, chavandozlar va boshqa ishtirokchilar Konstitutsiya-avenyusidan tantanali ravishda o‘tadi.  

Kun botishi bilan Kapitoliyning G‘arbiy maydonida Milliy park xizmati va Milliy simfoniya orkestri ishtirokida yarim soatlik bayram konserti boshlanadi. Kontsert AQShning jamoat televideniyesi bo‘lgan PBS kanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi. Ushbu konsert doimo Pyotr Ilich Chaykovskiyning "1812 yil" asari ijrosi bilan yakunlanadi. 

Shuningdek bu kun Vashington osmonida rang-barang mushaklar otilishi odat tusiga kirgan. Bu 17 yarim daqiqa davom etadi. Biroq ob-havo ma'lumotiga ko‘ra, 4 iyul kuni Vashingtonda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Shunday bo‘lgan taqdirda, mushaklar otilishi 5 iyulga ko‘chiriladi. 

 

Foto:© AP Photo/Michael Dwer

 

Top