14:25 / 05.07.2016
8863

Lipetskda bolasini sotmoqchi bo‘lgan Qozog‘iston fuqarosi 4,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: © RIA Novosti

Qozog‘iston fuqarosi Lipetskda o‘zining 3 yoshli o‘g‘lini 1,5 million rublga sotmoqchi bo‘ldi. U shu yo‘l bilan farzandini "yaxshi oila"ga topshirib, biryo‘la o‘ziga uy xarid qilishni rejalashtirgan. Sud jinoyatchini 4 yarim yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqida RIA "Novosti" xabar qildi. 

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning 10 iyulida Lipetskdagi "Pobeda" prospektida o‘z farzandini 1,5 million rublga pullayotgan 24 yoshli Qozog‘iston fuqarosi qo‘lga olingandi. Tergov davomida u yaxshi niyat bilan shunday qilganini - o‘g‘lini yaxshi oilaga topshirishni xohlaganini tushuntirmoqchi bo‘lgan. Bola evaziga olingan pullarga esa uy sharoitini yaxshilab olishni rejalashtirgan.

Otaga nisbatan "voyaga yetmagan bola savdosi" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Unga ko‘ra, jinoyatchiga 10 yilgacha muddatda qamoq jazosi tayinlanishi kerak, buning ustiga unga "hujjatlarni soxtalashtirish" ayblovi ham qo‘yilgan. Jinoyatchi o‘zining hamda o‘zi bilan birga yashaydigan ayolning hujjatlarni soxtalashtirib, bolaning biologik onasi haqidagi ma'lumotlarga o‘zgarish kiritgan, ular shu yo‘l bilan bolani sotish osonlashadi, deb o‘ylashgan.

Uning sud ishi iyun oyida boshlandi, hukm esa 4 iyul kuni o‘qildi. Sud jinoyatchini 4 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. 

Viloyat prokuraturasi xabariga ko‘ra, jinoyatchi avval Qozog‘istonda yashagan, u yerda uning sobiq xotini va farzandi qolgan. 2012 yilning iyulida u Lipetskka ko‘chib o‘tib, ijarada yashay boshlagan, lekin biror ishning boshini tutmagan. Tergov ishi bo‘yicha jinoyatchi o‘z jazosini to‘liq tan olgan. U bilan birga yashaydigan ayol esa o‘z qilmishlaridan afsusda ekanligini aytgani hamda emizikli bolasi borligi hisobga olinib, unga nisbatan ochilgan jinoiy ish to‘xtatilgan. 
 

 

Top