19:41 / 07.07.2016
28313

Match-TV Odil Ahmedovni 1980 yilda tug‘ilgan futbolchi sifatida ko‘rsatdi

O‘zbekiston terma jamoasi sardori, Rossiya chempionatida ishtirok etuvchi «Krasnodar» jamoasi legioneri Odil Ahmedovning haqiqiy yoshini shubha ostida qoldiruvchi ma'lumot paydo bo‘ldi.

Rasmiy hujjatlarda 1987 yilning 25 noyabrida tug‘ilgani keltirilgan futbolchi Match TV telekanali saytida namoyish qilingan skrinshotga ko‘ra, 1980 yil 25 noyabrida tug‘ilgan.

Telekanal tomonidan futbolchining doping iste'mol qilganini rad qiluvchi ma'lumotlar haqida tayyorlangan ko‘rsatuvda u 36 yoshda ekani ko‘rsatilgan.

Bundan oldinroq, Rossiya antidoping tashkiloti (RUSADA) 16 iyun kuni Rossiya futbol ittifoqi (RFI) rahbari Vitaliy Mutko nomiga xat yo‘llab, «Krasnodar»ning o‘zbekistonlik legioneri Odil Ahmedov va islandiyalik futbolchi Ragnar Sigurdsson qonida taqiqlangan moddalar yo‘qligini ma'lum qilgani haqida xabar berilgandi.

Endilikda, o‘zbekistonlik futbol mutaxassislari va muxlislarda terma jamoa sardorining haqiqiy yoshi bo‘yicha shubhalar paydo qilmoqda.

Qayd etish kerakki, aslida Odil Ahmedovning yoshi kichraytirilmagan, bu RUSADAning xatosi bo‘lishi ham mumkin.

Ma'lumot uchun, Odil Ahmedov Namanganning «Navbahor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U keyinchalik Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi akademiyasida tahsilni davom ettirgan. Ko‘p o‘tmasdan futbolchi Toshkentning boshqa bir jamoasi «Paxtakor»ga kelib qo‘shilgan. U bu jamoadagi ilk o‘yinini 2006 yilda o‘tkazgan va keyinchalik toshkentliklar jamoasi yetakchisiga aylangan.

Ahmedov 2011 yilning yozida Rossiya chempionati vakili «Anji» safiga o‘tdi. 3 mavsumdan keyin Kubanning «Krasnodar» jamoasi futbolchisiga aylandi va hozirgacha ushbu klub sharafini himoya qilib kelmoqda.

Top