18:42 / 07.07.2016
12323

Odil Ahmedovning qonida doping topilgani haqidagi ma'lumotlarga oydinlik kiritildi

Rossiyadagi «Match TV» telekanali Germaniyaning ARD telekanali «Krasnodar» futbolchilarining doping sinovidan o‘ta olmagani haqida tarqatgan ma'lumotlarini rad etuvchi hujjatlarni e'lon qildi.

ARD jurnalisti Xayo Zeppelt tomonidan ishlangan hujjatli filmda keltirilishicha, 2014 yili Rossiya Federatsiyasi Sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko «Krasnodar»ning legioner futbolchilaridan birining qonida geksalerin moddasi topilgani haqidagi ma'lumotni yashirgan. ARD bu voqeaga oid yozishmalar aks etgan skrinshotlarni keltirgan.

Zeppeltning filmida Moskva antidoping laboratoriyasi sobiq rahbari Grigoriy Rodchenkov va Sport vazirligi xodimi (AV initsiali - ismi va otasi ismi bosh harflari) ishtirokidagi yozishma keltirilgan. Nemislar VL va YuD initsiallarini eslashib, VL - Vitaliy Leontevich Mutkoni, YuD esa vazirning o‘rinbosari Yuriy Dmitriyevich Nagornixni ifodalashini aytishgan.

2014 yilning 17 avgustida «Rostov»ga qarshi o‘yindan (2:0) so‘ng kubanliklar jamoasidan Odil Ahmedov va Ragnar Sigurdsson doping nazoratidan o‘tishgan. 

Rossiya antidoping xizmatining RFIga  18 avgust kuni yuborgan xatida keltirilishicha, 17 avgustda o‘tkazilgan dastlabki tekshiruv Ahmedovning probasida geksarelin moddasi «bo‘lishi mumkinligi»ni ko‘rsatgan. Shu bilan birga 20 avgust kuni o‘tkazilgan tasdiqlovchi analiz Ahmedov taqiqlangan modda qabul qilmaganini ko‘rsatgan.

2014 yilning 17 iyul kuni Rossiya antidoping agentligi (RUSADA) Vitaliy Mutkoga «Rostov» — «Krasnodar» o‘yinidan keyingi doping sinoviga aloqador xat yo‘llagan. Unda shunday deyiladi: «Ahmedov va Sigurdsonning probalarida taqiqlangan modda topilmadi».

2016 yilning 17 iyun kuni «Match TV» RUSADAning Mutkoga yo‘llagan xatiga ega bo‘lgan. Bu xat telekanal saytiga joylashtirilgan.

Manba: Tribuna.uz

Top