20:52 / 10.07.2016
4197

Ispaniya qiroli Obamaga "Don Kixot" kitobining inglizcha nusxasini sovg‘a qildi

Ispaniya qiroli Filipp VI Ispaniyaga tashrif buyurgan AQSh prezidenti Barak Obamaga yozuvchi Migel de Servantesning (1547-1616) "Ayyor idalgo Don Kixot Lamanchskiy" romanining ingliz tilidagi nusxasini sovg‘a qildi, deb xabar bermoqda ABC gazetasi.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, ispan qiroli Oq uy rahbariga kitobning u uchun maxsus tayyorlangan charm muqovadagi nusxasini sovg‘a qilgan. Bundan tashqari, qirol Obamaga Qirollik saroyi suratini ham tuhfa qildi.  

Obama Ispaniyaga 9 iyul kechki payt keldi. Uning safar chog‘ida mamlakat qiroli Filipp VI, hukumat raisi vazifasini boshqaruvchi Mariano Raxoy bilan uchrashishi belgilangandi. Obamaning, shuningdek, Kadis qiloyatidagi Rota ispan-amerika harbiy bazasiga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Hozirda bu bazada 4,5 mingdan ko‘proq amerikalik – harbiylar va ularning oilalari joylashgan.

Dastlab Obamaning Ispaniyaga tashrifi 11 iyulgacha davom etishi belgilangandi, biroq 7 iyulda ommaviy otishma sodir bo‘lgan Dallasdagi fojia sababli u o‘zining Yevropa bo‘ylab turnesini bir kun avval yakunlaydi.

Top