18:17 / 11.07.2016
27770

Ota nolasi

Oila qasri asosan - ota-ona, er-xotin va farzandlardan iborat bo‘ladi. Ularning o‘rtalaridagi munosabatlarga ham alohida e'tibor bilan yondashiladi. Ayniqsa ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi alokalar juda muhim bo‘lib, o‘g‘il-qizlarning o‘zaro ota-onalari zimmasida muayyan haqlari bo‘lgani kabi ota-onaning ham farzandlari zimmasida bir muncha haqlari borki, ularni tez-tez eslab hayotda dastur qilib olishimiz bizlar uchun yorug‘lik, ezgulik keltiradi. Shu ma'noda hayotda yorug‘ kunlarda yashashni orzu qilgan har bir farzand Navoiy bobomizning quyidagi baytlariga goho-goho nazar tashlasin.

 

Boshni fido qil ayla ato qoshig‘a!

Jismni qil sadqa ano boshig‘a!

Tunu-kununga aylagali nur fosh!

Birisin oy ayla, birisin quyosh!

Ista ato yo‘lida fido jon qilmoq,

Qulluq anog‘a imkon qilmoq,

Zuhri adab istasang farovon qilmoq,

Bil ani ato-anog‘a ehson qilmoq.

Farzand ato qullug‘in chu odat qilg‘ay,

Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,

Har kimki, atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay

O‘g‘lidan anga bu ish siroyat qilg‘ay

 

Haqiqatda ota-ona o‘z farzandlarini boqib, voyaga yetkazar ekan, ularga turmush kechirishning yo‘l-yo‘riqlarini, kasb-hunarlarini o‘rgatadi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degandek, farzandlar ham ota-ona bag‘rida o‘sib-ulg‘ayar ekanlar, ularning yurish-turishidan,  gap-so‘zidan, hatti-harakatidan, kasbu-koridan ibrat olib, tajriba va hunar orttirib, “ko‘zlari pishib” boradi.

Shunga ko‘ra bizning tug‘ilib, es-hushimizni tanishimizda, voyaga yetib, bilim va kasb egallashimizda, insoniy fazilatlar va yaxshi xulk sohibi bo‘lib yetishishimizda, hullasi jamiyatga munosib komil insonlar qatoridan joy olishimizda ota-onaning buyuk xissasi borligini xech kim inkor qila olmaydi.

Darxakiqat, ota-onamiz bizning dunyoga kelishimizga sababchi bo‘ladi, voyaga yetishimizda ularning sa'y-harakatlari beqiyos.

Ota va ona! Bu muqaddas nomlar oldida barcha maqtovlar hech narsa emas, barcha balandparvoz maqtovlar ota-onaning farzandga bergan muhabbati oldida go‘yoki puch va arzimasdek. Shuning uchun ota-onaga muhabbat – barcha yaxshi fazilatlarning asosi. Bu zotlar bilan munosabatda samimiy bo‘lish, har bir ishga ulardan ruxsat va ijozat so‘rash, ular istagan tartib-intizomga rioya qilish kabi fe'llarda sobit turish farzandlar uchun muhimdir. Aytaylik, biz hamisha qarzdor bo‘lgan eng ulug‘ zot onamizdir. Ona muhabbatidan muqaddasroq va beg‘arazroq hech narsa yo‘q. Har qanday mehr-muhabbat, unga nisbatan yo ojiz, yo g‘arazli, yo sohta, yo minnatli tuyuladi. Sababi ona qalbi o‘z farzandiga nisbatan bitmas-tuganmas rahm-shafqat manbaidir. Inson o‘z onasini ruhiy jihatdan ham o‘ziga qadrdon deb bilishi noyob baxtki, ona mehri  cheksiz bo‘lib, butun dunyoni ko‘krak suti bilan boqqan, to‘yg‘izgan. Shundanmi onamizni sharaflash ham farz, ham qarz. Aslida insondagi butun go‘zallik Allohning ne'mati, oy va quyosh nuridan. ona mehridan tovlanadi. Bir so‘z bilan aytganda ularga munosabatimiz qanday bo‘lsa, bolalarimiz ham bizga shunday muomala qilishi go‘yoki tayyorlab qo‘ygandek yodda tutish lozim. Farzandlarning ota-ona oldidagi burchlari va qarzdorligi to‘g‘risida qisqa ko‘rinishda va yoyilgan shaklda oyati karima, hadisi shariflardan batafsil ma'lumot berishga harakat qilmoqchimiz. Chunki, bu borada kerak bo‘lsa har kun pand-nasihatlar qilinayotgandek ko‘rinadi. Biroq, o‘rtadagi munosabat aytilgan darajada natija bermagan holatlar ham mavjud. Ota-bolaning o‘rtasidagi munosabatlarni izidan chiqqani hayotda uchraydi. Bir-birlariga tushunib yetishlarining qiyin holatlari kundalik hayotimizda, ko‘z o‘ngimizda kechar ekan ba'zida afsuslanarli mulohazalar kishi tasavvuriga keladi. Eng qimmatli, eng qadrli inson padari buzrukvorni ko‘ngli, dili, hoxish irodasi desak adashmagan bo‘lamiz. Goho, farzand nuri diydasidan uzoqlashib qolgan otaning nidolariga ham duch kelamiz. Shulardan birini shoir sherga bastalab, farzand ko‘nglini qalbiga yaqin qilishga yolvorgani to‘g‘risida bir baytni huzuringizga havola qilmoqchimiz.

 

Iloho ikki olamda bo‘ling hursand safo, o‘g‘lim,

Bo‘libsiz sarson jaholat yo‘llarida mubtalo, o‘g‘lim.

Otangiz ham, onangizdan hamisha Haq rizo, o‘g‘lim,

Ko‘rib rahm aylasin bu hollariga doimo, o‘g‘lim,

Debon bu iltimosim, qilurman ham duo o‘g‘lim.

 

Na derman, bandadurman, o‘zimda hech ixtiyorim yo‘q,

Kasallikka band erurman, shifobaxsh  dori-darmonim yo‘q,

Agar-da, ko‘rmasam farzand, dami lahza qarorim yo‘q,

Bu ahvolimni bilur Haq, dilimda hech g‘uborim yo‘q,

Aning chun sizga aytdim, bu so‘zimni qimmatbaho o‘g‘lim.

 

Salomat bo‘lsangiz, o‘g‘lim, yaqin kunlarda ko‘rgaysiz,

Bolangiz katta bo‘lganda mening qadrimga yetgaysiz,

Meningdek qiynalib ham istagan vaqtida ko‘rmaysiz,

Tarahhum qilsangiz, o‘g‘lim, g‘arazgo‘y so‘ziga kirmaysiz,

Yomonlardan qoching-da, hargiz bo‘lmang oshino, o‘g‘lim.

 

Dedi Alloh: “Agar farzand ota-onani unutmaydur,

Gunohini kechurman, gar ba'zida amrimni tutmaydur,

Ota birla anoga farzand xizmatni qilmaydur,

O‘shal farzand noqobil, biling, izzatni ko‘rmaydur”

Bu so‘zlarni yozgandir kitobi Kimiyo o‘g‘lim!

 

Agar aytsam, malol kelgay, loaqal uch kunda ko‘rmaysiz,

Qo‘yay uch kunni chetga, bolam, o‘n kunda ko‘rmaysiz,

Nadur aybim, bilolmam, yana bir oyda ko‘rmaysiz,

Jonimdan o‘tdi-ku, o‘g‘lim, nega holimni so‘rmaysiz,

Qarib, kuch-quvvatim ketdi, bo‘ling endi panoh, o‘g‘lim.

 

Bilurman yaxshi, o‘g‘lim, yomonlar birla yurmaysiz,

O‘ziniz ehtiyot aylab tamaki, nosni chekmaysiz,

Va lekin ushbu aybingiz – uch oyda ham ko‘rinmaysiz,

Hayotli vaqtimda, o‘g‘lim, mening qadrimga yetmaysiz,

Qaritdi bu g‘amingiz berib qo‘lga aso, o‘g‘lim. 

 

Qiyomat tongi otganda, hamma anda terilganda,

Xudoyim qozi bo‘lganida, kitobimiz ko‘rilganda,

Bizlarni ham mahshargohda sarhisob qilinganda,

Bu navbat bizga kelganda, maloikalar chaqirganda,

Na dersiz so‘z topolmay, hamisha bevafo o‘g‘lim?

 

So‘zim oxir etay, o‘g‘lim, umr bir ondagi vaqtdur,

Hama ahbobu ahrorlar ketarga lahza muxlatdur,

O‘zini bilgan kishilarga nihoyatda g‘animatdur,

Nasihatni eshitganlar, bilingki, ahli davlatdur,

Agar aytsam, ado bo‘lmas, bo‘ling bulbulnamo, o‘g‘lim.

 

Tilovatni darig‘ tutmang hamisha bu otangizdan,

Saharlar uyg‘onib boqqan, g‘arib o‘lgan onangizdan,

Tamomi yoru do‘stlar, yana bobo-momongizdan,

Oling ibratni, ey o‘g‘lim, shirin bo‘lgan bolangizdan,

Nisoriydek bo‘lib ketmang yurib holi harob, o‘g‘lim!

 

Bu she'r mazmuni har qanday qalbi pok insonga ta'sir qilmay iloji yo‘q.

Aytilinayotgan iltijo bilan kishini o‘ziga tortmasligi mumkin emas.  Shunga ko‘ra, quyida fikr-muloxazalarni kengrok, teranroq batafsil keltirib o‘tishga qasd qildik. Shoyad, ota-onalarni xurmat qilishni o‘rganishda, o‘rgatishda ularni xizmatiga shay bo‘lishga o‘zimizda quvvat topsak, turib bera olsak. Ota-onaga qanday munosabat ko‘rsatish lozim degan savolga imkoniyatimiz darajasida javob berishga harakat qildik.

Ota-ona va farzand munosabatlari xaqida oyat va hadislar ularni duosini olishda va oxiratni obod qilishda ko‘mak bersa! Alloh taolo barchalarimizni farzandlik burchini to‘la ado etishimizni, ota-onalarini rozi qilib, Uning rizoligiga erishuvimizni nasib etsa

Demak, so‘zimizni davomi bilan sizni saytimizda kutib qolamiz.

A.Tursunov

Manba: Ravza.uz

Top