14:38 / 11.07.2016
11782

OTB O‘zbekistonga 450 million dollar kredit ajratishi mumkin

Google image

O‘zbekiston hukumati mamlakat janubida joylashgan Qashqadaryo viloyatidagi Tolimarjon issiqlik elektrostansiyasini (IES) kengaytirish ishlariga Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) kreditini jalb qilishni rejalashtirmoqda. 

OTB rasmiy saytining ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Tolimarjon IES modernizatsiyasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun 450 million dollar miqdoridagi kreditni jalb qilmoqchi. 

Dastlabki IES loyihasi 2016 yilning oxiriga qadar ishlab chiqilishi kutilmoqda. OTB kredit so‘rovini 2017 yilning boshida ko‘rib chiqadi. 

Loyihada 2020 yilgacha yana ikkita 450 MVt quvvatga ega bug‘-gaz sozlamasining (BGS) qurilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning dastlabki qiymati 900 million dollarni tashkil qiladi. 

Shuni ta'kidlash joizki, Janubiy Koreyaning Daewoo va Hyundai kompaniyalari bugungi kunda Tolimarjon IESni modernizatsiyalash loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur loyihaning qiymati - 861 million dollar.

Shartnomaga ko‘ra, konsorsium 450 MVt quvvatga ega ikki BGS stansiyasida "Kalit" qurilishni amalga oshiradi. Mitsubishi Corporation (Yaponiya) BGS provayderi hisoblanadi. Qurilishning tugatilishi 2016 yilning dekabr oyiga mo‘ljallangan.  
 
Umumiy qiymati 1,28 milliard dollar bo‘lgan loyihaning moliyalashtirilishi OTBning 350 million dollarlik, Yaponiya xalqaro taraqqiyot agentligining (JICA) 300 millionlik hamda O‘zbekistonning Tiklanish va taraqqiyot fondining 250 million dollarlik  krediti, shuningdek "O‘zbekenergo" AJning shaxsiy mablag‘i hisobiga amalga oshirilmoqda.

 

Top