21:54 / 12.07.2016
6154

Venger «Arsenal»ga yangi hujumchi sotib olish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi

«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger chorshanba kuni Londonda «Napoli» jamoasi sport ishlari direktori Kristiano Juntoli va neapolitanliklar klubi prezidenti Aurelio De Laurentis bilan uchrashadi.

Uchrashuvda «Napoli» hujumchisi Gonsalo Iguainning «Arsenal»ga o‘tishi masalasi muhokama qilinadi. 

Bundan oldinroq, londonliklar klubi 28 yoshli bu argentinalik futbolchi uchun 50 million yevro va Olive Jiruning transfer huquqini berishga tayyorligi haqida xabar qilingandi.

RaiSport eksperti Chiro Venerato «Napoli» Iguainni «Arsenal»ga sotishiga ishonch bildirgan.

«Vitselning transferi bo‘yicha vositachilar klubga Iguain uchun talabgor haqida ma'lum qilishgan. Bu taklif „Arsenal“ tomonidan berilgan. Gap 50 mln yevro va Jiruning transfer huquqi haqida ketmoqda. Menga ma'lum bo‘lishicha, Venger bu agentdan „Napoli“ rahbari bilan Londondan uchrashuv tashkillashtirishni so‘ragan. Iguain mamnuniyat bilan Angliyaga yo‘l oladi. „Arsenal“ unga yiliga 8 mln yevro maosh to‘lashni nazarda tutuvchi 4 yillik shartnoma taklif qilmoqda. Menimcha, „Napoli“ buyuk britaniyaliklarning taklifini qabul qiladi va uning o‘rnini to‘ldirish uchun Milikka e'tiborini qaratadi», — deya Veneratoning so‘zlarini keltiradi 101 Great Goals.

Bugun Iguainga Xitoy jamoalaridan biri qiziqish bildirayotgani, unga bir mavsum uchun 50 mln yevrolik maosh taklif qilayotgani haqida xabar ham paydo bo‘lgandi. Bu taklifni qabul qilish orqali 28 yoshli Iguain dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylanishi mumkin bo‘lardi.

O‘tgan mavsumda Jiru Angliya chempionatining 38 uchrashuvida 16 gol urgan va 6 marta golli pas muallifi bo‘lgan.

Iguainning ko‘rsatkichi esa A Seriyaning 35 uchrashuvidagi 36 gol va 2 golli pas.

Manba: Tribuna.uz

Top