10:14 / 13.07.2016
7370

NATOning sobiq bosh qo‘mondoni AQSh vitse-prezidenti bo‘lishi mumkin

Foto: AP

AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Xillari Klinton vitse-prezident va saylovlar bo‘yicha hamkor sifatida NATOning Yevropadagi sobiq bosh qo‘mondoni - admiral Jyeyms Stavridis nomzodini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqida Reuters agentligi ma'lum qildi. 

Stavridis 61 yoshda, u hozirda Massachusetts shtatidagi Tafts universiteti qoshidagi Fletcher diplomatiya va huquq maktabining dekani sifatida faoliyat olib bormoqda. U 2009-2013 yillarda NATO bosh qo‘mondoni vazifasini bajargan, Xillari Klinton esa o‘sha paytlar AQSh bosh kotibi bo‘lgan. 

Demokratik partiyadan AQSh vitse-prezidentligiga nomzod 25-28 iyul kunlari Filadelfiyada bo‘lib o‘tadigan partiya s'yezdidan oldin e'lon qilinishi kutilmoqda. 

Asli floridalik bo‘lgan Stavridis 1976 yildan harbiy dengiz flotida turli lavozimlarda xizmat qilgan, 2002-2004 yillarda Fors ko‘rfazidagi "Iroq ozodligi" operatsiyasida aviaguruhga boshchilik qilgan. U "aql kuchi"ni qo‘llash, shuningdek xavfsizlik sohasida xalqaro va xususiy-davlat hamkorligi tarafdori ekanligi bilan nom qozongan. 

AQShning yangi prezidenti nomi 8 noyabrdagi saylovlardan keyin ma'lum bo‘ladi. Ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Klinton o‘zining asosiy raqibi respublikachi Donald Trampni ortda qoldirmoqda. 

Mavzuga oid
Top