07:53 / 14.07.2016
6973

Hindiston pochtasi Gang daryosi suvini yetkazish tizimini yo‘lga qo‘ydi

Hindiston pochtasi hindlar uchun muqaddas hisoblangan Gang daryosi suvini yetkazish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Daryoning "muqaddas" suvi solingan idishga pochtaning saytlaridan birida onlayn buyurtma berish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Gang daryosidan suvni yetkazib berish tashabbusini may oyi oxirida kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vaziri Ravi Shankar Prasad bildirgandi. U buning zarurligini unga bir necha marotaba suvni yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish iltimosi bilan murojaat qilganliklari bilan tushuntirgan.

Endi Hindiston pochtasining onlayn-xizmatlar saytida (ePost Office) suvga buyurtma berish bo‘limi mavjud bo‘lib, unda ikkita mahsulotni tanlash imkoniyati mavjud: Gangning bosh irmog‘i hisoblanadigan Bxagiratxi daryosi oqib o‘tadigan Gangotri aholi punktidan olingan suv va Himoloy tog‘larida joylashgan, yoga bilan shug‘ullanuvchilar orasida ommabop bo‘lgan Rishikeshdan olingan suv. Gangotridan olingan suv 200 va 500 millilitri uchun 25 va 35 rupiy,  Rishikeshdan olingani esa mos ravishda 15 va 22 rupiy turadi. Bu narxga yetkazib berish narxi kiritilmagan bo‘lib, u yetkazib beriladigan joyga bog‘liq va xaridning narxini bir necha marotaba oshirib yuborishi mumkin.

Hozircha saytda cheklov qo‘yilgan bo‘lib, bir buyurtmada 500 millilitrdan ko‘proq suvga buyurtma berib bo‘lmaydi va suv faqat Hindiston bo‘ylab yetkazib beriladi.

Suvga onlayn buyurtma berishdan tashqari, uni pochta bo‘limlarida sotib olish mumkin. Biroq mahalliy OAVning ta'kidlashicha, suv sotila boshlangan shaharlarda uning yetarlicha olib kelinmagani sababli u sanoqli daqiqalarda sotib bo‘lingan.

Top