12:27 / 14.07.2016
14580

O‘zbekiston «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartishlar kiritildi

Foto: anhor.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi  deputatlari «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini muhokama etishdi. U, bir guruh deputatlar tashabbusi bilan muhokamaga kiritilgan. 

Ushbu huquqiy hujjatning dolzarbligi shundaki, loyiha O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari milliy ma'lumotlar bazasida mavjud normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar matnlaridan foydalanuvchilarning, shu jumladan ijrochilar va aholining tezkor hamda keng foydalanishini ta'minlashga qaratilgandir. Loyihaning qabul qilinishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy vositalaridan foydalangan holda qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini fuqarolarga o‘z vaqtida va to‘liq yetkazish uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratadi, bu esa aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, joylarda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

O‘zini parlamentdagi muholifat deb e'lon qilgan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi majlis davomida o‘z vakolati doirasida mazkur qonun loyihasining muqobil tahririni kiritdi. Muholifat a'zolari normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy e'lon qilish masalalarini aniqlashtirishga, shuningdek qonunning kuchga kirishiga taalluqli ayrim tuzatishlar kiritishni taklif etdilar.

Ushbu qonun loyihasi ko‘rib chiqilganidan so‘ng, ikkala qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilgan va deputatlarning ko‘pchiligi dastlabki kiritilgan qonun loyihasi uchun ovoz berishgan. 

Top