07:09 / 16.07.2016
5611

Erdo‘g‘an Istanbulga kelib, o‘z tarafdorlari bilan uchrashdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an samolyoti Istanbul shahridagi Otaturk nomidagi xalqaro aeroportga kelib qo‘ndi.

Qayd etilishicha, Turkiya rahbari otishmalar eshitilib turgan hududda o‘zining ko‘p sonli tarafdorlari bilan uchrashgan.

U bir guruh kishilar orasida ketayotgani tasvirlari paydo bo‘ldi.

Prezident davlat to‘ntarishi amalga oshirganlar qaysi tashkilot vakillari bo‘lishidan qat'i nazar jazolanishi haqida aytib o‘tgan.

Bundan oldinroq, prezident samolyoti qo‘nishi arafasida aeroportda portlash sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada harbiy to‘ntarish amalga oshirishga urinish yuz berdi.

Anqara va Istanbulga tanklar olib kirildi. Poytaxtda joylashgan parlament binosi harbiy texnika tomonidan o‘rab olindi va o‘qqa tutildi. Shahar osmonida vertolyotlar va qiruvchi samolyotlar parvoz qilib, portlash ovozlari yangray boshladi.

Erdo‘g‘an FaceTime orqali aloqaga chiqib, hali ham qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni ekanini ma'lum qildi va odamlarni ko‘chalarga chiqishga hamda qonuniy hukumatni himoya qilishga chaqirdi.

Mahalliy vaqt bilan soat 02:00da (Toshkent vaqti bilan soat 05:00da) Turkiya razvedkasi rahbari Nuh Yilmaz davlat to‘ntarishi oldi olingani haqida ma'lum qildi. Istanbul shahrida harbiy to‘ntarishda ishtirok etgan 104 kishi hibsga olindi.

Top