09:46 / 17.07.2016
5431

«Barselona» Mahrez uchun kurashda yetakchilik qilmoqda

Foto: mundodeportivo.com

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, APLning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan «Lester» yarim himoyachisi Riyoz Mahrez «Barselona»ga o‘tishi mumkin.

El Mundo Deportivo nashri ma'lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar klubi ushbu 25 yoshli jazoirlik futbolchi uchun kurashda yetakchilik qilmoqda. Futbolchining o‘zi 2019 yilgacha tuzilgan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgan.

«Lester» Mahrezga yiliga 6 million yevrodan yuqori miqdordagi maoshni taklif qilgan, lekin futbolchi rozi bo‘lmagan. Futbolchining hozirgi maoshi haftasiga 35 ming funtni tashkil qiladi, yangi shartnomaga ko‘ra bu miqdor 80 ming funtga yetishi ko‘zda tutilgan.

Futbolchining vakillari va «Barselona» tomoni vositachilar orqali muzokaralarni boshlagan.

Bundan oldinroq, «tulkilar» jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri Mahrezning jamoada qolishiga ishonch bildirgandi.

Mahrez 2014 yilning yanvarida «Gavr»dan 375 ming funt evaziga transfer qilgandi. O‘tgan vaqt ichida u yuqori saviyalik futbolchiga aylandi va endi o‘z omadini «King Pauer»dan tashqarida sinab ko‘rmoqchi. 

Mahrezga «Arsenal» tomonidan jiddiy qiziqish borligi haqida xabarlar tarqatilgandi.

Manba: Tribuna.uz

Top