14:01 / 17.07.2016
5123

Yerevanda garovga olingan politsiya binosi yaqinidagi aholi evakuatsiya qilindi

Qurolli guruh tomonidan garovga olingan politsiya mahkamasi yaqinida istiqomat qilgan aholi evakuatsiya qilindi. Bu haqda mahalliy nashrlarda xabar tarqatildi.

Politsiya bo‘limiga olib boruvchi barcha yo‘llar yopiq. Politsiya kuchlari va harbiylar, jumladan zirhli mashinalar hudud atrofini o‘rab olgan.

Politsiya rasmiy bayonotni kutishni so‘ragan. Hozircha isyonchilarning vakillari bilan muzokara o‘tkazilayotgani ma'lum. Muzokarada Yerevan politsiyasi boshlig‘i Valeriy Osipyan va Armaniston politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Vardan Yegiazaryan ishtirok etmoqda.

Armaniston MXX ma'lumotiga ko‘ra, garovda 7 nafar politsiyachi bor. Hujum vaqtida politsiyachilardan biri halok bo‘lgan.

Bugun kunning birinchi yarmida bir guruh qurollangan kishilar Yerevan yaqinidagi Erubuni tumanida politsiya patrul-post xizmati polki hududidagi kirib, u yerdagi odamlarni garovga oldi.

Ko‘p o‘tmay ularning tarafdorlari OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali qurolli qo‘zg‘olon boshlangani va Armanistondagi vaziyat o‘zgarishi haqida xabar tarqatdi.

Top