10:45 / 18.07.2016
4184

Yerevanda garovdagilarning yana biri ozod qilindi

Bugun ertalab Yerevanda politsiya patrul-post xizmati polkini egallab olgan guruh garovdagilardan birini qo‘yib yuborgan. Bu haqda mahalliy nashrlardan biri NEWS.am xabar tarqatdi.

Endilikda garovda 5 kishi qolmoqda. Ular orasida Armaniston politsiyasi rahbari o‘rinbosari Vardan Yegiazaryan hamda Yerevan politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Valeriy Osipyan ham bor.

17 iyul kuni tongida, mahalliy vaqt bilan soat 04:00da muxolifatdagi radikallarning avtomat va pistoletlar bilan qurollangan 30 kishilik guruhi politsiya patrul-post xizmati polki darvozasini buzib kirib, binoni egallab oldi hamda uning ichidagi xizmatchilarni garovga oldi. Hujum vaqtida polk boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Artur Vanoyan halok bo‘lgan va 4 kishi jarohatlangan.

Qurolli guruh muxolif siyosatchi, «Yangi Armaniston» jamoat qutqaruv jabhasi yetakchisi Jirayr Sefilyanni hibsdan ozod etishni hamda hukumat iste'fosini talab qildi. Sefilyan 26 iyun kuni hibs qilingandi. Tergov davomida u o‘z tarafdorlari bilan Yerevandagi telekommunikatsiya binolari, xususan teleminorani qo‘lga olishni rejalashtirgani ma'lum bo‘lgan.

Bundan oldinroq, Armanistonda ushbu hujumga aloqadorligi gumon qilinib, muxolifatdagi «Ta'sis parlamenti» partiyasi tarafdorlaridan 200 nafari qo‘lga olingani, tergovlardan keyin ularning 50 nafari qo‘yib yuborilgani haqida xabar berilgandi.

Top