17:18 / 19.07.2016
10710

Jahonda qaysi davlat tankerlar floti yetakchilikka da'vo qilmoqda?

Apicorp (Neft investitsiyalari bo‘yicha Arab korporatsiyasi) banki va National Shipping Co. nomi bilan mashhur Saudiya Arabistoni Bahri milliy kemasozlik korporatsiyasi podshohlik neft flotini kengaytirish rejasini e'lon qildi. Buning uchun qiymati 1 yarim milliard dollar bo‘lgan sarmoya jamg‘armasi tashkil qilmoqda. Bu haqda Podshohlik energetika vaziri Holid al-Falex bayonot berdi. Uning so‘zlariga qaraganda, Bahri flotiga qo‘shimcha 15ta tanker olib kelinadi.

Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, Bahri jahondagi neft tankerlarining 20 foizini o‘z nazoratiga olgan. Biroq Bloomberg mutaxassislarining fikricha, ayni damda sayyoramizdagi eng yirik flot 53ta kemasi bor Xitoyning China Merchants Group kompaniyasiga tegishlidir. Ayni damda 45ta tankerga ega Saudiya Arabistoni tankerlar sonini 61taga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bugungni kunda Saudiya Arabistoni jahondagi neft eksport qiluvchi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Saudi Aramco davlat neft kompaniyasi qo‘shimcha tankerlarga ehtiyoj sezmoqda. 

Jahon tankerlar floti neft va neft mahsulotlarini tashish bilan shug‘ullanadi. Shu sababli boshqa dengiz flotlaridan tubdan farq qiladi. Ma'lumki, neft va uni ishlab chiqarish xalqaro siyosatda muhim rol o‘ynaydi. Jahon bozorida neft va neft mahsulotlarining narxi turli tortishuv va mojarolarga sabab bo‘lib keladi. Neft mahsulotlari ustidan nazorat borasida turli nizolar yuz berganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Dengiz orqali neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish quruqlikdagi yetkazib berishga nisbatan kamroq siyosatlashgan. Biroq dengizda ham dengiz yo‘llari xavfsizligini ta'minlash borasida qudratli davlatlarning xarbiy dengiz kuchlari qarshiligiga duch kelinadi.

Sharhlovchilarning fikricha, jahon savdo floti tashigan yuklarning 32 foizi neft floti hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli so‘nggi yillarda katta hajmli tankerlar qurish foydali bo‘lib qoldi. 2014 yilning 1 fevral holatiga ko‘ra, jahondagi tankerlar soni 12 ming 975 tani tashkil qilgan.

Bugungi kunda 2 million barrel neft tashishga mo‘ljallangan tankerlar soni 623 ta bo‘lib, ular Yaqin Sharq neftlarini AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarga tashish bilan shug‘ullanadi. Bu kabi  tankerning bahosi 97 million dollarga teng ekani aytiladi. 1 million barrel neft tashishga mo‘ljallangan tankerlar soni esa 490 ta bo‘lib, bu tankerlar Nigeriya neftini AQSh va Xitoy janubiga yetkazish bilan mashg‘ul. 500-700 ming barrel neft tashishga mo‘ljallangan tankerlar soni esa 900 tani tashkil qiladi. 60-80 ming tonna neft mahsulotlarini tashuvchi tankerlar soni esa 415 ta, undan kam miqdorda neft mahsulotlarni tashuvchi tankerlar soni esa 3 ming 400 ta ekani aytiladi. Neft qazib olish hajmi ko‘paygani sayin tankerlar soni va ularning jahon savdo flotidagi o‘rni oshib bormoqda.

Shuni aytish kerakki, Birinchi jahon urushi davriga qadar tankerlar jahon flotininning atigi 3 foizini tashkil qilardi. 1938 yilga kelib tankerlarning ulushi 19 foizgacha ko‘tarildi. O‘tgan asrning 70-yilarida tankerlar ulushi 50 foizni tashkil qildi. Tahlilchilarning aytishicha,  1977 yilda yer yuzida qazib olingan neft mahsulotlarining 59 foizi dengiz orqali tashilgan. Biroq 1987 yilga kelib bu raqam ancha pasayib ketdi. 1994 yildan boshlab yana ko‘paya bordi va 1977 yilgi darajaga yetdi.

Xalqaro tanker floti kemasozlik bozorida mustaqil bo‘lib, boshqa turdagi yuklarni tashuvchi kemalardan butunlay farq qiladi. Bu flot biror bir hukumatlararo bitimlar yoki qandaydir uyushma va birlashmalar o‘rtasida erishilgan shartnomalar bilan nazorat qilinmaydi. Tanker bozorida har bir kema egasi o‘z tankeridan o‘zi xohlagancha foydalanishi, o‘zi istagancha pul ishlab olishi mumkin. Agar o‘zi ko‘zlagan daromadlarni qo‘lga kiritmaydigan bo‘lsa, u holda bozorni o‘z xohishi bilan tark etishi mumkin. Tankerini esa boshqa kompaniyaga sotishi yoki buzib tashlashi bu o‘zining istagiga bog‘liq.

Mustaqil tanker egalarini birlashtirgan eng yirik tashkilot sifatida «Intertanko» ko‘riladi. Bu uyushmaga 43ta mamlakatdagi 274 ta kompaniya va 280 ta flot a'zo bo‘lib kirgan. Tashkilot Nizomiga ko‘ra davlat nazoratida bo‘lgan neft kompaniyalari va kemachilik kompaniyalari a'zo bo‘lib kira olmaydi. «Intertanko» vazifasi o‘z a'zolari manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Tanker flotining asosiy foydalanuvchisi sifatida AQSh ko‘riladi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy turadi. 

Sharofiddin To‘laganov

Top