11:41 / 19.07.2016
14210

Jurnalist O‘zbekistondagi plagiat muammosini qalamga oldi

Shoir va jurnalist Behzod Fazliddin o‘zbekistonlik ijodkorlar orasida urfga aylanayotgan ko‘chirmakashlik muammosi haqida maqola yozdi. "Bir monolog, ikki qo‘shiq mojarosi" nomli bu maqola "Toshkent haqiqati" gazetasida chop etilgan va gazetaning internet versiyasida ham nashr qilingan.

Tahririyat shu mavzuni ommalashtirish, barchaga bildirish kerak degan fikrda maqolani qayta e'lon qilish qaroriga keldi. Quyida maqola o‘zgartirishlarsiz keltirilgan.

Bir monolog, ikki qo‘shiq mojarosi
Ko‘chirmakashlik, mualliflik huquqi, so‘z qadri, ijod mas'uliyati haqida

Avvaliga gapni uzoqroqdan boshlamoqchi bo‘ldim: bugungi estrada san'atining manzarasi, mualliflik huquqi, so‘z hamda ijod mas'uliyati va yana birovning haqi, degandek. Ammo, gapning po‘stkallasini aytgan ma'qul ko‘rindi.

Xususan, "Davr" guruhi ijrosidagi "Keraksan" qo‘shig‘ida mening muallifligimdagi "Mensizlik" she'ri buzib ijro etilgan. O‘zim bu qo‘shiq haqida keyinroq xabar topdim. O‘sha qo‘shiqni eshitgan so‘z muxlislari: "She'ringizni buzib aytishayapti", deyishganidan so‘ng eshitib ko‘rdim. Ke yin bilsam, she'rimning ba'zi satrlari buzilib, o‘zgartirilgan, matn muallifi deb boshqa ni ko‘rsatishayotgan ekan.

Yana xonanda Bahrom Nazarov (aslida Jumashev) "Onam ro‘moli" qo‘shig‘idan oldin mening she'rlarim ("Onam yozolmagan she'r", "Aybnoma", "Musofir", "Baxt manzili", "O‘g‘il") satrlaridan "yulib" olingan so‘zlardan monolog ijro etibdi. Ya'ni, bir necha she'rlarim satrlari buzilib, monolog yasalgan. Ushbu monolog xonandaning 2015 yil noyabr oyi da "Istiqlol" san'at saroyida bergan yakkaxon konsertida aytilgan, internet saytlarida ham tarqalgan. Bunga aniqlik kiritish maqsadida xonanda bilan aloqador mas'ul odamlar bilan bog‘landim, lekin tayinli javob ololmadim, madaniyatsizlarcha muomaladan hayron bo‘ldim. Ikkala tomon ("Davr" guruhi va Bahrom Jumashev) ham bu borada qo‘shiq va monolog matnini yozgan kishiga murojaat qilishim kerakligini aytib, o‘z zimmasidan javobgarlikni soqit qilmoqchi bo‘ldi.

B. Nazarov (Jumashev) ning bildirishicha, monologni I. Dadajonova yozib bergan ekan. Mana, o‘zingiz solishtirib ko‘ring:

Monologda:
Yo‘l uchun tuqqanmidingiz meni,
gul uchun tuqqanmidingiz,
pul uchun tuqqanmidingiz?

She'rda:
Yo‘l uchun tuqqanmidim,
Gul uchun tuqqanmidim,
Pul uchun tuqqanmidim

Monologda:
Titragan sozingni qo‘y, bolam,
bo‘g‘ilgan ovozingni qo‘y

She'rda:
Titragan sozingni qo‘y,
Bo‘g‘iq ovozingni qo‘y.

Xullas, shu taxlit "ijod" monolog oxirigacha davom etadi...

Ta'kidlab o‘tish kerak, yuqorida ko‘rsatilgan satrlari buzib ijro etilgan she'r lar yaratilganiga ancha yillar bo‘lgan va ular allaqachon o‘z muxlislariga ega.
"Davr" guruhi ijro etgan "Keraksan" qo‘shig‘i matni muallifi esa Yakzon taxallusi bilan ijod qilayotgan Shohruh Jo‘rayev ekan. Haytovur, u she'rimizdan foydalanganini tan olib turibdi, ammo otdan tushsa ham egardan tushish niya tida emas...

"Davr" guruhi qo‘shig‘ida:
Kechalarim o‘zimdan g‘arib,
Armonlarim osmondan katta.
Yuragimga termilib turib,
Yig‘layapman birinchi marta.

She'rda:
Kechalaring o‘zingday g‘arib,
Armonlaring osmondan katta.
Yuragingga termilib turib,
Yig‘layapsan birinchi marta.

Yuqoridagi holatlar faqat mualliflik huquqi qonun-qoidalari buzilganinigina emas, ko‘chirg‘ich ijodkorlaru xonandalarning madaniyati, ijod mas'uliyati, so‘zga munosabati qoniqarli darajada emasligini anglatadi. Bilamizki, ijod murakkab, mashaqqatli jarayon. Jumladan, biror she'riy asar yaratish va uni e'lon qilish uchun ancha zahmat chekish, qancha chig‘iriqdan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Buni bir satr ustida ter to‘kib ko‘rgan kishi yaxshi tushunadi, his qiladi. Kitob tayyorlash va uni chop ettirish esa undan-da og‘ir, zahmatli mehnatdir. Bugun borgan sari oddiy holga aylanib qolayotgan plagiat (ko‘chirmakashlik) tufayli asari ruxsatsiz buzilgan va o‘zlashtirilgan muallifga qancha zarar yetishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Qolaversa, adabiy asar muallifning daxlsiz mulki hisoblanadi va bosh qalarning unga daxl qilishi qonunga ko‘ra taqiqlanadi. Yuqoridagi holatga ko‘ra, bizda juda ko‘pchilik, jumladan, o‘zini "san'atkor" sanab yurgan ba'zi xonandalar mualliflik huquqi haqida, birovning ma'naviy mulkiga tajovuz qilishning oqibati to‘g‘risida yetarli tushunchaga ega emasligi ma'lum bo‘lmoqda.

Shularni inobatga olgan holda, yuqoridagi holatni yaxshiroq o‘rganib, tegishli choralar ko‘rishini so‘rab "O‘z beknavo" estrada birlashmasiga murojaat qildim. Ushbu holatga aniqlik kiritish uchun nomi ko‘rsatilgan guruh vakili va xonanda B. Nazarov (Jumashev) birlashmaga chaqirildi. "O‘zbeknavo" mutaxassisi va xonandalar bilan suhbat davomida ular e'tirozni to‘g‘ri qabul qilishdi, ammo yana buning uchun qo‘shiq va monolog matni muallifi javobgar bo‘lishini aytishdi.

Men bu qo‘shiq hamda monolog guruh va xonandaning mulki sifatida katta sahnada, teleekran va internet saytlarida berilayotganini aytib, mualliflik huquqi qonun-qoidalari buzilganini tushuntirishga urindim. Lekin, ular va birlashma xodimi ham qayta-qayta qo‘shiq va monolog matni muallifi javobgar bo‘lishini aytishdi. Nahotki, sahnada qo‘shiq yoki monolog ijro etgan xonanda bu uchun hech qanday javobgarlik, mas'uliyat sezmasa?! Tasavvur qiling, birovning she'rini buzib ijro etgan har xonanda: "Menga falonchi yozib bergandi, o‘shanga boring, u javob beradi", deb tursa... Bu nimasi? Shu endi san'atmi, san'atkorlik madaniyatimi? Bosh qa savollar ham paydo bo‘ladi. Xonandaning "o‘sha yozib bergan" bilan shartnomasi bormi? U rasman javobgar bo‘la oladimi? Unda nega "monolog" muallifining nomi e'lon qi linmaydi? Yuqo ridagi holatlarga qaramay, birlashma ma'muriyati xonandalarga hech qanday chora ko‘rmayotganini qanday tushunish mumkin?

Hozirgi vaqtda mualliflik huquqi qonun-qoidalari buzilishi hollari ko‘p uchrayotgani, ayniqsa, ayrim xonandalar bu borada "peshqadam" ekani va buning oqibatida jabrlangan muallif-ijodkorlarga katta zarar yetayotgani, agar vaqtida chora ko‘rilmasa, muammo yanada chuqurroq ildiz otishi mumkinligini hisobga olib, oxiri shu ish yuzasidan sudga murojaat qildim. Qizig‘i shuki, hech "dumini tutqazmay" yurganlar sudga murojaat qilingandan ke yin meni qidirib, qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib, yuzma-yuz gaplashib olishni iltimos qilishdi...

Ochig‘i, bularni yozish, ijod mas'uliyati, so‘z qadrini his qilmaydigan, birovning ha qidan qo‘rqmaydigan bunday kimsalar bilan talashib-tortishib yurish menga juda noqulay, hatto, uyat darajasida bo‘lsa-da, kelgusi huquqbuzarliklar, she'r o‘g‘ rilik lari ning oldi olinishi mumkinligini o‘ylab, shunday yo‘l tutishni ma'qul ko‘rdim. Ajablanarlisi, qay ta-qayta murojaat qilinayotgani, ommaviy axborot vositalarida tinmay bong urilayotganiga qaramay, nazarimizda, "O‘z bek navo" bu masalaga yetarlicha e'tibor bermayotganga o‘xshaydi. Aks hol da, muammo bu darajada jiddiy tus olmas edi...

Darvoqe, yana boshqa bir xonanda "Biz" nomli she'rimni ijro etibdi. Xonanda bilan bog‘langanimda, uning munosabatidan san'atkorlarga xos madaniyatdan uzoq ekani ma'lum bo‘ldi. Bir necha marotabalik dilxiraliklar aralash muloqot davomida "Nega uyg‘onmaydi odamlar?" deya odamiylik, halollik, mehr-oqibat ha qida jo‘shib kuylagan xonandaning o‘zida bu sifatlar kamyob ekani va shunday fazilatlar tarannum etilgan satrlarni aytishga arzimasligini yana bir bor anglab yetdim. Va darrov xayo limdan o‘tdi: "Nega uyalmaydi odamlar?"

Eng alamlisi, bunaqalar odamiylik, mehr-oqibat haqida qichqirib charchamaydi, lekin o‘zlari boshqacha. Bundaylardan yurak qonim qo‘shilgan satrlarimni qizg‘anaman, juda qizg‘anaman. Aslida, bundaylar bilan tortishgan odam baraka topmaydi, chunki o‘zingni muttahamga chiqarishga urinadi. Lekin jim qarab turib ham bo‘lmaydi.

So‘z qadri, ijod mas'uliyati, mualliflik huquqi masalalari bugun dolzarb muammoga aylanib ulgurgan ekan, o‘zini hurmat qilgan har qanday ijodkor bunga befarq bo‘lmasligi, har bir so‘zi uchun javobgar ekanini hech qachon unutmasligi kerak!

Odil sud mazkur ish yuzasidan tegishli qaror chiqardi. Haq-huquqlarim poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmadi. Ammo... Bu holat yana qaytarilmaydi, deb kim kafolat beradi? Balki ayni shu daqiqalarda yana qayerlardadir bir shoirning so‘zlari o‘zi bexabar holda qo‘shiqqa aylanayotgandir? Kimdir birovning she'rini pullab, xonandaning qarshisida lahzalik obro‘ olayotgandir?

Nima deysiz, zamondosh?
 

Behzod Fazliddin

Top