08:39 / 20.07.2016
7876

AQSh va Yevropa Ittifoqi Jahon savdo tashkilotiga Xitoyga qarshi da'vo arizasi topshirdi

AQSh va Yevropa Ittifoqi Jahon savdo tashkilotiga Xitoyga qarshi navbatdagi da'vo arizasi topshirdi. Bu haqda teleanjuman tartibida olib borilgan jurnalistlar uchun qo‘shma brifingda savdo bo‘yicha yevrokomissar Sesiliya Malmstrem va AQSh vakili Maykl Froman e'lon qildilar.

AQSh va YeI Xitoyning xom ashyo mahsulotlariga eksport kvotalari va eksport bojlari bo‘yicha bahslashmoqda. Vakillarning aytishicha, bunday savdo cheklovlari JST qoidalari bilan taqiqlangan.

O‘tgan haftada Vashington JSTga Xitoyga qarshi 9 ta xom ashyo mahsuloti – grafit, kobalt, magneziy, mis, qo‘rg‘oshin, surma, talk, tantal va ruxga eksport bojlari bo‘yicha da'vo arizasini topshirishini ma'lum qilgandi.

Bu da'vo Xitoyning bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat maqomiga ta'sir qilishi mumkinligi haqidagi savolga Froman da'voning bunga aloqasi yo‘qligini aytdi. Malmstrem ham shunday fikr bildirdi va "Xitoy iqtisodiyotining bozor maqomi haqidagi savol Xitoy iqtisodiyoti nobozor ekanligi shundoq ham ravshanligi sababli turmaydi", deb qo‘shimcha qildi.  

"Gap biz Xitoyga birgalikda hujum qilish uchun birlashayotganimizda emas. Shunchaki ko‘p davlatlar Xitoyda haddan ziyod ko‘p ishlab chiqarish quvvatlari majudligidan xavotirlanishmoqda va Xitoydan bunga nisbatan faol choralar ko‘rilishiga erishmoqchilar. Bundan Shanxayda yaqinda o‘tgan G20 savdo vazirlarining yig‘ilishi natijalari ham darak bermoqda. Biroq bu da'vo bu munozaralardan mutlaq mustaqil", deb aytdi yevrokomissar.

Top