17:43 / 21.07.2016
20940

O‘zbekiston OTMlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 663 mingdan oshib, rekord natija qayd etildi

20 iyul kuni O‘zbekistonda yangi o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish yakunlandi.

O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga 2016 yilda 663 298 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 21 iyul kungi ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2015 yilgi ko‘rsatkichdan salkam 57,5 mingtaga ko‘proq hisoblanadi. Bu orqali O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon eng yuqori natija qayd etildi. 1 avgust kungi imtihonlar vaqtida 1 mandat uchun o‘rtacha 11,51talik raqobat kuzatiladi.

Termiz davlat universiteti eng ko‘p — 37 676 nafar abituriyentning hujjatlarini qabul qilgan (1 mandat uchun 20,45talik raqobat).

Keyingi o‘rinlarni Qarshi davlat universiteti (26 332 nafar abituriyent, raqobat - 1 mandat uchun 18,88) va Andijon davlat universiteti (25 991 nafar abituriyent, raqobat - 1 mandat uchun 18,28) egallagan.

UZ24 sayti ma'lumotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalari orasida esa Toshkent davlat pedagogika universiteti eng ko‘p ariza qabul qilgan — 14 636 nafar abituriyent aynan shu oliy ta'lim muassasiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan.

Yangi tashkil etilgan O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga 5 031 abituriyent hujjat topshirgan — universitet o‘zining birinchi o‘quv yiliga 300 talabani qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan umumiy qabul kvotasiga asosan O‘zbekiston OTMlari 2016/2017-o‘quv yilida bakalavriat uchun 57 907 nafar talabani o‘qishga qabul qiladi.

Ma'lumot uchun, 2015 yili O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 605 836 nafar abituriyent hujjat topshirgan edi.

Top