16:07 / 22.07.2016
6448

Bayden: Davlat to‘ntarishi ijrochilari qonunga muvofiq ta'qib qilinishi kerak

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, Anqara hukumatini davlat to‘ntarishiga urinishga oid tergov ishlarini qonun doirasida olib borishga chaqirgan, deb xabar qilayapti Reuters agentligi.

Bayden Turkiya demokratiyasi va ushbu mamlakat fuqarolarining demokratik institutlarga sodiqligini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

Shunga muvofiq, uning qayd etishicha, davlat hokimiyatiga qarshi harbiy isyon ishtirokchilarini ta'qib qilish ham demokratik qoidalar va qonunga rioya qilingan holda bo‘lishi zarur. 

Avvalroq, YeI diplomatiyasi yetakchisi Federika Mogerini va qo‘shnichilik, kengayish masalalari bo‘yicha muzokaralar siyosati yevrokomissari Yoxannes Xan, davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng, Turkiya hukumati qo‘llayotgan choralarni qabul qilib bo‘lmasligi haqida bayonot berishgan edi. 

O‘z navbatida, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova, turk hukumatining choralarini «majburiy» deb baholagandi.

Top