20:51 / 24.07.2016
6784

Eron maxfiy axborotning chetga chiqib ketishi sabali MAGATEga norozilik bildirmoqchi

Google image

Eron o‘zining uzoq muddatli yadroviy dasturiga taalluqli maxfiy axborotning chetga chiqib ketishi sababli Xalqaro atom energiyasi agentligiga (MAGATE) norozilik bildirmoqchi. Bu haqda 24 iyulda "Tasnim" axborot agentligiga Eron atom energiyasi tashkiloti vakili Bexruz Kamolvandi ma'lum qildi. 

"Tarqatilgan hujjatning bir qismi maxfiy tusga ega edi va biz bu maxfiylikning saqlanib qolinishiga umid qilgandik", deb aytdi Kamolvandi.

O‘z navbatida Eron atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Salohiy Eron "MAGATEdan yadroviy dasturning muddatini oshkor qilmaslikni so‘raganini" aytdi. Bu axborotdan yadroviy kelishuvning bajarilishini nazorat qiluvchi qo‘shma komissiya a'zolari maxfiy tarzda xabardor qilingandi. "Bu ma'lumotni ommaviy qilishga hech qanday sabab yo‘q edi", deb ta'kidlab o‘tdi Salohiy.

Avvalroq Associated Press axborot agentligi Eron bilan yadroviy kelishuvga tuzilgan maxfiy qo‘shimcha bayonnomadagi ma'lumotlarni tarqatgandi. Tehron tomonidan MAGATEga berilgan bu hujjatga muvofiq, Eron kelishuvning tuzilganidan 10 yil o‘tgach, yana o‘z yadroviy dasturini kengaytirishni istagandi, dasturning cheklanishi haqidagi kelishuv esa rasman 15 yilga tuzilgan. 

Oshkor qilingan hujjatga ko‘ra, Eron 2027 yil yanvaridanoq atom reaktorlaridagi sentrifugalarni zamonaviyrog‘iga almashtirishni boshlay oladi. Bu Eronga uranni boyitishi sur'atlarini ikki marta oshirishga imkon beradi. Ma'lum qilinishicha, AP axborot agentligiga qo‘shimcha kelishuv mazmuni haqida Tehron bilan muzokaralarda ishtirok etgan diplomat ma'lum qilgan.

Top